Huquqiy munosabat
Amaliyotda bu kabi holatlar ko‘p uchraydi? O‘zi bunday tushuncha qonunda o‘z aksini topganmi? Shu kabi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinika xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.
– Yuridik klinikamizga ham bu kabi murojaatlar takrorlanib turadi. O‘zi aslida, Mehnat kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, xodim tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda xodim mehnat shartnomasini ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqli ekanligi keltirib o‘tilgan.
Mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi.
Ariza esa uni yozuvchi shaxsning xohish-istagini ifodalovchi murojaat ekanligini unutmasligimiz lozim. Agar xodim haqiqatdan ham ish beruvchining bosimi bilan, g‘ayriixtiyoriy ravishda ariza yozgan bo‘lsa, bu hujjat 99-moddada keltirilganidek xodimning tashabbusi xususiyatini yo‘qotadi.
– Bu kabi holatlarda xodimlarning qanday huquqlari bor?
– Agar ushbu holatlarda xodimning manfaatlari yuzasidan biz sudga da’vo ariza yozib beradigan bo‘lsak, sud xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi ostida berganligini, albatta, tekshirib ko‘radi.
Ushbu holatlarda sudlar Oliy sudi plenumining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qaroriga ko‘ra Sudlar da’vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim. Shu qarorga asoslanib, xodimdan bosim bilan olingan ariza asosida chiqarilgan buyruqni noqonuniy deb, topishi mumkin.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan 1999 yilning 14 iyunida 746-son bilan davlat ro‘yxatiga olingan idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalarida xodimning bergan arizasi ro‘yxatga olinishi shartligi ko‘rsatilgan. Agar xodimning arizasi ish beruvchi tomonidan ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, bu kamchilik ham xodimning arizani majburan yozganligi to‘g‘risidagi talabini isbotlashga yordam berishi mumkin.
– Agar yuqoridagi kabi noqonuniy harakatlar bo‘lganda xodim ishga tiklanishi mumkinmi?
Xodimning arizasiga asosan ishdan bo‘shatish holatlarida, yuqoridagi kabi talablar buzilganda, xususan majburan ariza yozdirilganda, mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq sud tomonidan bekor qilinib, xodim o‘z ishiga tiklanishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA