Xodimlarning huquqiy savodxonligi oshirilmoqda
Farmon va ijro
Korrupsiya yoki, xalq tili bilan aytganda, poraxo‘rlik jamiyat taraqqiyotiga raxna soladigan, barcha islohotlar ildiziga bolta uradigan illatdir. Xo‘sh, bu illatga qarshi qanday choralar ko‘rish mumkin?
Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga oid axborotlarni tarqatish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantiradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni, bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, “Yo‘l xaritalari” hamda chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi. Qolaversa, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi qonun bilan har bir davlat organining vazifalari aniq belgilab berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJning Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ham ushbu yo‘nalishda qator sa’y- harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar e’tiborga molik. Boshqarmada “Korrupsion xavflarni aniqlash va baholash metodologiyasi”, “Ishga nomzodlarni tekshirish yo‘riqnomasi”, “Kontragentlarni tekshirish yo‘riqnomasi” va “Aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash reglamenti” kabi mavzularda tizimli ravishda o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.

Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti komplayens inspektorlarining mavzular yuzasidan tayyorlagan taqdimotlari o‘quv-seminarlarning yanada qiziqarli va mazmunli bo‘lishini ta’minlamoqda. Shuningdek, uchrashuvlar davomida me’yoriy hujjatlarning maqsad hamda yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilib, korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, ularning turlari haqida seminar qatnashchilariga aniq misollar asosida tushuntirilmoqda. Bu esa korxona xodimlarining komplayens-nazorat yo‘nalishida huquqiy savodxonligini va huquqiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘quv-seminarlar mavzulari ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, o‘zaro fikr almashilmoqda.
Muxtasar aytganda, hududiy komplayens inspektorlari bilan birgalikda boshqarmaning har bir kon, bo‘lim va sexlarida lokal me’yoriy hujjatlar bo‘yicha o‘quv-seminarlar muntazam tashkil etilmoqda.
A.Toirov,
S.G‘afforov,
“O‘zbekneftgaz” AJ hududiy
komplayens inspektorlari.