Xodimlar salomatligi – eng muhim omil
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonunida davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ijtimoiy himoya chorasi sifatida kafolatlanishi belgilangan.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali, viloyat hokimligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida viloyat, tuman, shahar hokimliklarining barcha xodimlari birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.


– Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi salomatligini ta’minlash, kasalliklarni erta aniqlab, davolashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Shodmon Misirov. – Shu maqsadda joylarda kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini barvaqt aniqlash uchun maqsadli tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Zero, tibbiy ko‘rik inson salomatligini saqlash, kasalliklar kelib chiqishi va tarqalishining oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Lekin, ayrim davlat xizmatchilari ishining tig‘izligi yoki beparvoligi sababli o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmasligi mumkin. Hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir xodimlarning o‘z vaqtida salomatligini nazorat qilishiga zarur imkoniyat yaratdi.


Tibbiy ko‘rik chog‘ida mahalliy hokimliklarda faoliyat yuritayotgan 480 dan ortiq davlat fuqarolik xizmatchisi mutaxassislar tekshiruvidan o‘tdi. Tibbiy tahlillar, yuzma-yuz muloqotlar asosida ularga zarur maslahat va tavsiyalar berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida muassasa va tashkilotlarning davlat fuqarolik xizmatchilariga korporativ madaniyat hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan sog‘lomlashtirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yishni belgilab oldi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri