Mehnat qonunchiligi
Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash bo‘yicha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Bu turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari»da belgilab o‘tilgan.
Mazkur qoidalarning amal qilishi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yollanma mehnatdan foydalanayotgan yuridik shaxslarga, yuridik shaxs bo‘lmasdan faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaliklariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlagan yoki ishlayotgan hamda mehnat jarohati olgan xodimlarga joriy etiladi.
Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek, ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘ligiga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi.
Ish beruvchi, mehnat jarohati yoki boshqa mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodim sog‘ligiga yetkazilgan zararni, agar u yetkazilgan zarar uchun o‘zining aybdor emasligini isbot qila olmasa, xodimga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.
Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-texnik, sanitariya-gigiyena va davolash-profilaktika choralari hamda sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish tadbirlari ta’minlanmaganligi (mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi qoidalari va shu kabilarga rioya qilmaslik) tufayli olingan mehnat jarohati uning aybi bilan sodir etilgan deb hisoblanadi.
Baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasi, baxtsiz hodisa va ishlab chiqarishda sog‘liqqa yetkazilgan boshqa xil shikastlar to‘g‘risida dalolatnoma, sud qarori, mehnatni muhofaza qilish va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, sog‘liqqa yetkazilgan zarar sabablarini nazorat qilishni amalga oshiruvchi davlat mehnat texnika inspektori yoxud boshqa mansabdor shaxslar (organlar)ning xulosasi, kasb kasalligi to‘g‘risida tibbiy xulosa, aybdor shaxslarga ma’muriy yoki intizomiy jazo berish to‘g‘risidagi qaror, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakolatli organi qarori mehnat jarohati uchun ish beruvchining aybdorligini yoki javobgarligini isbotlovchi dalil bo‘lishi mumkin.
Kelib chiqqan zararni to‘lash bo‘yicha kelishmovchiliklar paydo bo‘lganda yoki ish beruvchi zararni to‘lashni rad etganda, ushbu masala qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal qilinadi.
Jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishiga yoki uning ko‘payishiga sabab bo‘lgan taqdirda, zararning to‘lov miqdori summasi jabrlanuvchining aybiga qarab kamayishi mumkin, lekin kamayish ellik foizdan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli hamda ish beruvchining aybi bo‘lmagan hollarda, ish beruvchining javobgarligi, aybidan qat’i nazar (ya’ni uning mehnat vazifalarini bajarishda yuqori xavfli manbalar tomonidan xodim sog‘ligiga yetkazilgan zarar), zararni to‘lash summasi jabrlanuvchining aybdorligi darajasiga qarab kamayishi ham mumkin, lekin kamayish ellik foizdan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Bunda zararni to‘lashdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jabrlanuvchining aybdorligi darajasi korxona, muassasa, tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakolatli organi qarori bilan, mazkur masala bo‘yicha kelishmovchilik paydo bo‘lganda sud tomonidan belgilanadi.
Jabrlanuvchining mehnat jarohati tufayli mehnatga layoqatsizlik darajasi Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan belgilanadi. Kasb bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik darajasini belgilash bilan bir vaqtda, TMEK asoslari mavjud bo‘lganda, nogironlikning tegishli guruhi belgilanadi hamda jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga bo‘lgan muhtojligi aniqlanadi. Mazkur qoidalarga muvofiq zararni to‘lash uchun zarur bo‘lgan pul summasi, qo‘shimcha xarajatlarni qoplash hamda bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasi (bitimlari) asosida oshirilishi mumkin. Belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdori oshirilganda sog‘liqning shikastlanishi bilan bog‘liq zarar summasi eng kam oylik ish haqi miqdorining oshirilgan summasiga mutanosib ravishda ko‘paytiriladi. Mehnat jarohati olgandan keyin mehnat munosabatlarini to‘xtatish zararni to‘lashdan ozod qilmaydi.
Jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘lashda byudjet tashkilotlari va muassasalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, boshqa ish beruvchilar uchun o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining rad qaroridan norozi bo‘lgan yoki belgilangan muddatda javob olinmagan taqdirda ushbu nizoni hal etish uchun sudga murojaat qilishi mumkin. Zararni to‘lash haqidagi ariza sudga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
Ma’muriyatning aybi bilan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida mehnat qobiliyatini to‘liq yoki qisman yo‘qotgan xodimga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartib va miqdorda korxona bir marta beriladigan nafaqa to‘laydi hamda sog‘liqqa yetkazilgan shikast uchun tovon to‘laydi. Bir marta beriladigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasi (bitimi) bilan belgilanadi va jabrlanuvchining bir yillik maoshidan kam bo‘lmasligi lozim. Agar xodim davolanish, protez qo‘ydirish va tibbiy hamda ijtimoiy yordamning boshqa turlariga muhtoj bo‘lsa, korxona jabrlangan xodimga bu tadbirlar bilan bog‘liq harajatlarni to‘laydi, shuningdek jabrlanuvchining kasbini o‘zgartirib qayta tayyorlanishini va tibbiy xulosaga muvofiq ishga joylashishini ta’minlaydi yoki ana shu maqsadlar uchun ketadigan xarajatlarni qoplaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatligining boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash xodimning kelgusidagi hayotini yo‘lga qo‘yish hamda sog‘lig‘ini tiklash uchun juda muhim hisoblanadi. Amaliyotda ko‘p hollarda bu muammolar davlat byudjet tashkilotlaridan ko‘ra, boshqa ish beruvchilar (xususiy sektorlar) bilan bo‘lgan munosabatlarda ko‘proq nizoli holatlarni uchratish mumkin. Shu sababli ish beruvchilar bu kabi turdagi zararlarni o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda to‘lab borishi inson huquqlarining poymol bo‘lmasligiga va demokratik davlatning yuksalishiga omil bo‘lib xizmat qiladi.
Elyorjon Ismoilov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudi raisi.
O‘zA