Xodim ishga qayta tiklandi
Ishdagi ayrim kamchiliklar va boshqa sabablar bilan “Hududgaz Samarqand” filiali 2021 yil 3 dekabrda “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz bo‘yicha xizmati boshlig‘i X.O. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi.
Xodimga boshqa intizomiy chora ko‘rsa ham bo‘lardi. Ammo, filial mas’ullari bunday yo‘l tutmadi. Keyinchalik X.O. ishdan noqonuniy bo‘shatilgani va vazifasiga tiklashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qiladi.
– Da’vo qanoatlantirildi va sudning 2023 yil 14 apreldagi qarorida fuqaro H.O.ni “Hududgaz Samarqand” filiali “Tayloqtumangaz” gaz ta’minoti suyultirilgan gaz bo‘yicha xizmati boshlig‘i vazifasiga ishga tiklash belgilangan, – deydi Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi Dilshod Abdug‘aniyev. – Ushbu qaror bizning ish yurituvimizga kelib tushganidan so‘ng, uning ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgaz Samarqand” filialiga murojaat qildik. Majburiy ijro harakatlari natijasida 2023 yil 19 may kuni ushbu fuqaro ishga tiklangani haqida filial boshlig‘ining buyrug‘i chiqdi.
G‘.Hasanov, O‘zA.