Xizmatlar sohasi “O‘zmilliybank” AJ e’tiborida
Davlatimiz rahbarining xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga oid qarorlarida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xorijiy tajribalar asosida xizmatlar sifatini oshirish, kredit va soliq imtiyozlarini joriy qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish orqali sohaning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ulushini oshirish belgilangan.
Ushbu maqsadlarga erishish yuzasidan sohani rivojlantirish, tegishli takliflar ishlab chiqish hamda amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatida “Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markazi” tashkil etilgan.
“O‘zmilliybank” AJ respublikamizda xizmatlar sohasini rivojlangan davlatlar andozasiga moslashtirish, yangi xizmat turlarini joriy qilish, aholiga tayyor biznes loyihalarni taqdim etish hamda tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil faoliyat olib bormoqda.
Bu boradagi ishlar samarasini “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi misolida ko‘rish mumkin.
11,2 ming loyiha uchun 8,3 trillion so‘m kredit
So‘nggi uch yilda viloyatda xizmatlar sohasida 21 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, bugungi kunda ularning soni 48 mingtaga yetdi. Tijorat banklari tomonidan 11,2 mingta loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 8,3 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi va 332 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Xususan, savdo va ko‘ngilochar xizmatlarda 110 mingta, umumiy ovqatlanish va restoran xizmatlarida 68 mingta, turizm va mehmonxona xizmatlarida 26 mingta, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy sohalarda 52 mingta, maishiy va boshqa xizmatlarda 76 mingta ish o‘rinlari ochilishiga erishildi.
-Shuningdek, 2020 yildagi ko‘rsatkichlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, mehmonxona va xostellar soni 312 tadan 429 taga, restoran va kafelar 2763 tadan 2936 taga (, xususiy tibbiyot muassasalari 411 tadan 578 taga (ularning sig‘imi 8220 tadan 17340 taga), xususiy ta’lim markazlari 411 tadan 578 taga, turagent va turoperatorlar 151 tadan 227 taga oshganligini ko‘rishimiz mumkin, - deydi bankning Xizmatlar sohasini rivojlantirish markazi rahbari Boboyor Xidirov. - Bularning barchasi viloyatda xizmatlar hajmini 14 trillion so‘mdan 29 trillion so‘mga, aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini esa 3,7 million so‘mdan 7 million so‘mga yetishini ta’minladi.
– Birgina joriy yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan tijorat banklari bilan birgalikda 2 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi, – deydi bankning Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi boshqaruvchi o‘rinbosari Azad Abbasov. – Buning evaziga viloyatda xizmatlar sohasida 3718 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi. Jumladan, 89 ta yangi mehmonxona va hostel, 64 ta kafe-restoran, 24 ta xususiy tibbiyot klinikasi, 92 ta xususiy ta’lim muassasalari, 144 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, 2730 ta savdo do‘koni hamda 532 ta boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etildi. Ijtimoiy soliq to‘lab o‘zini o‘zi band qilgan 12 ming 715 nafar fuqaroga esa “Biznesga birinchi qadam” bank plastik kartalari orqali jami 105 milliard so‘m mikroqarzlar ajratildi.
Samarqand shahridagi “Ko‘k saroy” mehmonxonasi joriy yilda ishga tushgan xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridan biri. Bankning ko‘p yillik mijozlaridan bo‘lgan “Didi group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha uchun O‘zmilliybank tomonidan 2 milliard so‘m kredit ajratildi.
– Bank kreditidan, asosan, mehmonxonamizni jihozlashda foydalandik, – deydi “Ko‘k saroy” mehmonxonasi menejeri Avrangzeb Boboyev. – Chunki shahar markazida joylashgan, ko‘rkam qilib qurilgan binoda zamon talablariga mos jihozlar o‘rnatishimiz, mehmonlar uchun qulayliklar yaratishimiz lozim edi. Bank krediti bizga bu borada yaxshigina moddiy madad bo‘ldi. 80 o‘rinli mehmonxonamizda 13 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Katta avtomagistrallar yoqasida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish sohadagi eng samarali yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Samarqand viloyati hududidan M-39 va M-37 avtomagistrallarining o‘tgani viloyatda bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat hisoblanadi.
Jomboy tumanidagi “Amir Azizovich” oilaviy korxonasi ham ana shu imkoniyatdan foydalanish maqsadida 2021 yilda bank krediti asosida Nazar mahallasida, M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida “Amir” restorani faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi.
– 200 o‘rinli restoranimiz tunu kun ishlaydi, – deydi “Amir Azizovich” oilaviy korxonasi ish yurituvchisi Shahzod Jo‘rayev. – Qisqa vaqtda o‘z mijozlarimizga ega bo‘lib, faoliyatimizni kengaytirib boryapmiz. Bunda O‘zmilliybank tomonidan ajratilayotgan kreditlar bizga katta moliyaviy yordam bo‘lyapti. Bu yil bankdan 100 million so‘m kredit olib, non va turli pishiriqlar tayyorlash uchun uskunalar sotib oldik. Ayni paytda restoranimizda 20 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.
Ta’lim va tibbiyot – bank uchun muhim yo‘nalish
Keyingi yillarda yurtimizda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir qator davlat dasturlari asosida ish olib borilib, xususiy va davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Samarqand shahrida yashovchi tadbirkor Orzumurod Valiyev ham bank ko‘magida o‘z bog‘chasini ochib, bu xayrli ishga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– 2018 yilda Qo‘rg‘oncha mahallamizda novvoyxona, savdo do‘koni tashkil qilish bo‘yicha tashabbus bildirgandim, – deydi Orzumurod Valiyev. –Rais esa mahallada bog‘cha, o‘quv kurslariga talab borligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda ish boshlashni taklif qildi. 2023 yilda o‘z mablag‘larim hisobimdan qurilishni yakunladim. Jihozlash ishlariga imkonim bo‘lmay qolgandi yordam so‘rab O‘zmilliybankka murojaat qildim. Bank rahbariyati loyihamni qo‘llab-quvvatlab, 1 milliard 400 million so‘m kredit ajratdi. Ushbu mablag‘ evaziga binolarimizni to‘liq jihozlab, 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda o‘quv markaz faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.
Toyloq tumanidagi “SHIFOKOR-LDA” MCHJga qarashli tibbiyot markazi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Olti yil avval 12 o‘rinli muassasa sifatida ish boshlagan markaz o‘tgan yillar davomida bank tomonidan ajratilayotgan kreditlar hisobiga faoliyatini kengaytirib bormoqda.
– Tibbiy markazimiz hududi 2 gektar maydonni egallasa-da, dastlab bitta bino qurib, ish boshlaganmiz, – deydi tibbiy markaz bosh vrachi Anvar Suvondiqov. – Hozir esa binolarimiz 6 taga, o‘rinlar soni esa 100 taga yetdi. Ish o‘rinlari ham shunga mos tarzda o‘sib boryapti. Hozirda markazda 40 nafardan ortiq xodim, shifokor va hamshiralar ishlaydi. Albatta, faoliyatni kengaytirish, mijozlarimizga sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish mablag‘ga borib taqaladi. Zamonaviy tibbiy jihozlar sotib olish, qo‘shimcha binolar qurishda O‘zmilliybank tomonidan ajratilayotgan kreditlar bizga juda qo‘l kelmoqda. Joriy yilda olingan kredit hisobidan poliklinika quryapmiz. Shu mijozlarimiz Samarqand shahridagi tibbiy markazimizda ko‘rikdan o‘tib, keyin bu yerga kelishardi. Poliklinika qurilgach, shu yerning o‘zida ko‘rikdan o‘tkazish va aniq tashxis qo‘yish imkoniyati yaratiladi.
Mikrokreditlar uchun 10 milliard so‘m yo‘naltiriladi
Ta’kidlash kerak, O‘zmilliybank viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish va ularda zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalarni xorijiy tajribalar asosida joriy etish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida aniq dasturlarga ega.
Jumladan, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 170 mingta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun shu yilning o‘zida tijorat banklari bilan birgalikda 3 trillion so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirish hamda sohada o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarga “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 115 milliard so‘m mikroqarzlar ajratilishi rejalashtirilgan. Birgina O‘zmilliybank tomonidan 10 milliard so‘m mikrokreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.
Ushbu mablag‘lar hisobidan 5,5 mingta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etish belgilangan bo‘lib, xizmatlar hajmini 37,1 trillion so‘mga yetkazish, natijada aholi jon boshiga xizmatlar hajmini 7 million so‘mdan 8,9 million so‘mga oshirish progonoz qilingan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari