Vatanimiz tarixidagi 31 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1500 yil (bundan 524 yil oldin) – temuriylar sulolasi hukmdori Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy so‘nggi bor uchrashdi. Husayn Boyqaro Astroboddan Hirotga zafar bilan qaytib kelayotgan vaqtda podshoni kutib olish va g‘alaba bilan tabriklash uchun juma kuni dardi anchagina og‘ir bo‘lishiga qaramay, Alisher Navoiy ham saroy a’yonlari bilan yo‘lga chiqdi. Amirshohmalik ravotida to‘xtab, Husayn Boyqaroni kutdilar.
Uzoqdan podshoning taxtiravoni ko‘rindi. Shunda Navoiy otdan tushib, uchrashuvga hozirlandi. Shu mahal to‘satdan uning ahvoli yomonlashdi. Podsho yaqinlashgach hamrohlari Navoiyni oyoqka turg‘azib, qo‘ltiqlaridan suyab, boshini ko‘tarib turishdi. Husayn Boyqaro otdan tushib kelib Navoiy bilan quchoqlashib ko‘rishdi va do‘stining ahvolini anglagach, darxol tabibni chaqirishni buyurdi.
1900 yil (bundan 124 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Abror Hidoyatov dunyoga keldi (vafoti 1958 yil). U, vafotidan so‘ng, 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1912 yil (bundan 112 yil oldin)– Xiva xonining Nurillaboy saroyida birinchi marta elektr lampasi yondi. O‘sha paytlarda Bosh vazir Sayyid Islomxo‘ja taklifi bilan saroyni yoritadigan elektr nurini o‘rnatish Xiva xoni Asfandiyorxonga amalga oshmas ishdek tuyulgan bo‘lsa-da, biroq Bosh vazir Islomxo‘ja bu ishning uddasidan chiqdi.
Tarixchi I.Yusupovning qayd etishicha, 1912 yil xorijdan kelgan mehmonlarni qabul qilish, turli ziyofat va uchrashuvlar uchun mo‘ljallangan Nurillaboy saroyi ishga tushdi. Tabiiyki, ushbu ko‘shkni yoritish uchun qandil o‘rnatilgan, ammo u xiraroq edi. Shu bois Islomxo‘ja xon saroyini yoritish uchun kichik elektr stansiyasi qurish harakatiga tushadi.
Bu paytda Nurillaboy saroyida yevropalik mehmonlar uchun maxsus oshxona tashkil etilgan edi. Bosh oshpaz Rossiyadan taklif qilingan Yangio‘rozov degan kishi bo‘lgan. Bu tatar yigitning Sizranb shahrida istiqomat qiluvchi Muso ismli ukasi bo‘lib, uning elektrchilik kasbidan xabari bor ekan. Yangio‘rozov oshxonada yevropacha taom yeb o‘tirgan bosh vazirga ukasi Xivadagi elektr stansiyasini ishlatishi mumkinligini aytadi.
Islomxo‘ja bir guruh kishilarni kichik elektr stansiyasini olib kelish uchun Moskva va Peterburgga yuboradi. Musoni Xivaga ishga taklif etib, o‘zi esa Sizranb shahriga xat jo‘nattiradi. Ana shu tarzda 1912 yili Xorazmda ilk bor kichik elektr stansiyasi qurilib, 31 dekabr kuni birinchi marta elektr lampasi saroyni yoritadi. Xon saroyining elektr ustasi Muso Sabanovich Yangio‘rozov edi.
I.Yusupovning yozishicha, stansiyaga bir silindrli va bir porshenli, 60 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilib, u 40 Kvt quvvatli generatorni harakatga keltirar, natijada elektr toki ishlab chiqarardi. Tabiiyki, u Toshkent Turkiston general-gubernatorligining poytaxti bo‘lganidan keyin o‘lkamizda barpo etilgan ikkinchi elektr stansiyasi edi.
Fan-texnika taraqqiyotidan uzoq bo‘lgan va elektr stansiya nomini talaffuz etishga qiynalgan voha xalqi uni “to‘q-to‘q”, stansiyada ishlovchilarni esa “falonchi to‘q-to‘q” degan laqab bilan atardi. Muso Yangio‘rozovga ixlos qo‘ygan va stansiyada ishlashni o‘rgangan Karim, Masharif, Sobir, Bobojon ismli mahalliy yoshlar nomiga shu tariqa “to‘q-to‘q” laqab bo‘lib tarqaldi.
1912 yil (bundan 112 yil oldin) – tilshunos olim, lug‘atshunos, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Olim Usmon dunyoga keldi (vafoti 1989 yil).
1924 yil (bundan 100 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Inqilobiy Komitetining «Buxoro va Xorazm Respublikalaridagi barcha tashkilotlarda, shuningdek, O‘zbekiston SSR bo‘yicha hamma volost tashkilotlarida ish yuritishni mahalliy millat vakillari tiliga o‘tkazish to‘g‘risida»gi 48-raqamli qarori qabul qilindi.
1924 yil (bundan 100 yil oldin) – Hisorda bo‘lgan qo‘rboshilar qurultoyida Ibrohimbek yangi qo‘rboshi dastalari tuzish, jang usullari va aholi bilan munosabat xususida ko‘rsatmalar berdi. G‘arbiy Buxorodagi yirik boylar yordam so‘rab yo‘llagan maktub ham o‘qib eshittirildi. Ma’lumki, Anvar posho halok bo‘lib, Salim posho Afg‘onistonga ketgach, Ibrohimbek G‘arbiy Buxorodagi (Buxoro, Karmana va Nurota viloyatlari) qo‘rboshilar guruhlariga umumiy rahbarlikni ham o‘z qo‘liga olgan edi. Sarkarda boshqaruvida birgina Sharqiy Buxoroda 47 ta qo‘rboshi dastalari harakat qilar, askar soni Hisorning o‘zida 20 ming nafarni tashkil etar edi. Ibrohimbek rahbarligida mintaqa qo‘rboshilarining bir necha qurultoyi o‘tkazilgan.
1926 yil (bundan 98 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akbar Otaxo‘jayev dunyoga keldi (vafoti 1994 yil). U 1972–1987 yillarda Samarqand Davlat universiteti rektori sifatida faoliyat yuritgan.
1937 yil (bundan 87 yil oldin) – “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” singari roman va qissalari bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Turkiston xalqlari ma’naviy ravnaqiga hissa qo‘shgan adib – Abdulla Qodiriy ikkinchi bor hibsga olindi.
1940 yil (bundan 84 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Zokirjon Salimov tavallud topdi.
1991 yil (bundan 33 yil oldin) – Buyuk Britaniya, Germaniya Federativ Respublikasi, Belgiya Qirolligi, Daniya Qirolligi, Niderlandiya Qirolligi, Ispaniya Qirolligi, Lyuksemburg Buyuk Gersogligi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Makedoniya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Janubiy Farg‘ona kanalida JFK-3 kichik GES qurilishi» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi