Xiva tuman sudida “Ochiq eshiklar kuni”
FOTOREPORTAJ
Fuqarolarni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda viloyat yuridik texnikumida ta’lim olayotgan yoshlar, soha vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yoshlar va media vakillari tuman sudining sud majlislar zali, arxiv va devonxona faoliyati, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishtirildi.
Tadbir doirasida sudyalar va qatnashchilar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda sudyalar o‘z ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sudda jinoiy ishlarning ko‘rilish tartiblari hamda tuman sudida joriy yilning yakunlanayotgan birinchi choragida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida so‘z yuritdi. Muloqotda viloyat sudi raisi o‘rinbosari sud tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashda sudlarning roli masalalariga alohida to‘xtaldi. Jumladan, sudyalar tomonidan 2023-2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bo‘yicha to‘liq tushuntirish berildi.
Tadbir ishtirokchilari shuningdek, ochiq sud majlisiga bevosita guvoh bo‘ldi. Sud jarayoni, sudlanuvchilarning pushaymonligi, tayinlangan jazoni ijro etishgacha barcha protsessual harakatlar fuqarolarning ko‘z o‘ngida ko‘rsatildi.
[gallery-16767]
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan 10 dan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartib va sud majlislarida masofadan turib qatnashish imkoniyatlari ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi. Sud kutubxonasidan joy olgan yuridik adabiyotlar va sohaga doir boshqa badiiy asarlar o‘quvchilarning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar bo‘lajak huquqshunoslar uchun nazariy bilimini amaliyot orqali yanada mustahkamlash, soha mutaxassislari bilan yaqinda fikr almashish imkoniyatini yaratgani bilan ahamiyatli.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA