“Xiva qorako‘l” sayyohlar xizmatida
Xorazm viloyatida sayyohlik sohasi, jumladan, ichki turizmni izchil rivojlantirish, sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyatida sayyohlik sohasi, jumladan, ichki turizmni izchil rivojlantirish, sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 20-martda qabul qilingan “2013-2015-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Xorazm o‘zining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati, betakror qadriyat va an’analari bilan jahon sayyohlarini o‘ziga rom etib kelmoqda. 2005-yilda viloyatga 14 000 mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 73 mingga yetgan. Uning 53 mingdan ziyodi xorijiy sayyohlardir.
Viloyatda tarixiy-madaniy meros obyektlarini qayta tiklash, mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turizm infratuzilmasi obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom etmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida sayyohlik infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Xorazm viloyati mintaqaviy bo‘limi boshqaruvchisi Odilbek Rahimov. – Xususan, servis xizmati tubdan yaxshilanayotir, yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochilmoqda.
Xorazmning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va go‘zal tabiatidan bahramand bo‘lish istagida kelayotgan mehmonlarga qirq to‘qqizta sayyohlik tashkiloti xizmat ko‘rsatmoqda. “Xiva qorako‘l” fermer xo‘jaligi qoshida tashkil etilgan yangi sayyohlik markazi shulardan biri.
Mazkur markazga tegishli binolarda Xivaning “Ichanqal’a” va “Dishanqal’a”sidagi tarixiy obidalar ko‘rinishini aks ettirishga harakat qilingan. Balandligi o‘ttiz olti metr bo‘lgan minora, milliy uslubda bezatilgan va barcha qulayliklarga ega o‘tovlar xorijlik mehmonlar qiziqishini oshirmoqda.
“Xiva qorako‘l” fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Olloberganovning aytishicha, bu yerda sayyohlarga tuya va otda Qizilqum cho‘li bo‘ylab sayr qilish, markaz yonidagi ko‘l uzra qayiqlarda suzish, baliq ovlash, milliy taomlar, qo‘chqor va xo‘roz urishtirish tomoshasi va boshqa xizmatlar taklif etilayotir.
Viloyatda turizmning rivojlanib borayotgani ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Mazkur markazda turizm sohasining turli mutaxassisliklari bo‘yicha ma’lumotga ega o‘nlab yoshlarning ish bilan ta’minlangani bunga yaqqol misoldir.