Xiva deklaratsiyasi: O‘zbekiston va Belarus strategik sherikligini yangi bosqichga olib chiqish sari muhim qadam
2026-yil 29 - 30-sentabr kunlari qadimiy Xiva shahrida “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari” mavzusida to‘rtinchi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli anjumanda ikki mamlakat parlamentlari palatalari rahbarlari va a’zolari, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy vakillik organlari, oliy ta’lim muassasalari, yoshlar parlamentlari, biznes vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Forumning birinchi ish kunida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi o‘tkazildi. Unda sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, agrosanoat sohasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi sheriklik, shuningdek, turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston va Belarus: sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatini ro‘yobga chiqarish” mavzusidagi sho‘’ba yig‘ilishida yangi ish o‘rinlarini yaratish, kasbiy ko‘nikma va kompetensiyalarni rivojlantirish, ayollarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiya loyihalarida ularning ishtirokini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish muhim vazifalar sifatida belgilab olindi.

Agrosanoat sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirishga bag‘ishlangan sho‘’ba yig‘ilishi yakunida umumiy qiymati 35,5 million dollar bo‘lgan 11 shartnoma imzolandi.
“Turistik muloqot: salohiyatdan aniq qo‘shma loyihalar sari” mavzusidagi yig‘ilishda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.
“O‘zbekiston va Belarusning gumanitar va ijtimoiy sohalardagi strategik sherikligi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusidagi sho‘’ba yig‘ilishida ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.
Parlamentlararo forum doirasida ikki mamlakat mahalliy vakillik organlari rahbarlarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan yanada mustahkamlash, hududlararo aloqalarni kengaytirish, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro parlament platformalari doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbir doirasida “Made in Uzbekistan” va “Made in Belarus” brendlari ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ko‘rgazma ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yangi sheriklarni topish va qo‘shma biznes loyihalarini shakllantirish uchun amaliy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Forumning ikkinchi ish kunida Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi huzuridagi Yoshlar kengashining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda 2026 - 2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Oliy Majlis Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashining hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi uchinchi majlisida komissiya faoliyatini muntazam davom ettirish, uni O‘zbekiston - Belarus strategik sherikligini yangi amaliy loyihalar bilan boyitishga xizmat qiladigan samarali mexanizm sifatida rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumining yalpi majlisi ochilishida ikki mamlakat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva davlat rahbarlarining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabriklari parlamentlararo hamkorlikka bildirilayotgan yuksak e’tibor va ishonch ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.
– Prezidentlarimiz qo‘shma faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani biz uchun faxr, – dedi T.Norboyeva. – Shu bilan birga, bu katta mas’uliyat hamdir. Xivada ilgari surilgan taklif va tashabbuslar amaliy ishlarga aylanishi lozim. Ana shunda biz mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan strategik kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Senat Raisi ta’kidlaganidek, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshgan va o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra bir milliard dollarga yaqinlashgan. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida 360 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Yalpi majlisda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga forumni shaxsan qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorlik bildirdi.
– Parlamentlararo forumga oid qo‘shma loyiha dadil g‘oyadan Belarus - O‘zbekiston hamkorligining natijador formatlaridan biriga aylandi, – dedi N.Kochanova. – To‘rtta forum davomida 122 shartnoma, shuningdek, mintaqaviy darajada hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari va jamoat tashkilotlari yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi salmoqli bitim va memorandumlar imzolandi.
Yalpi majlis ishtirokchilari mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik va mebel sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Minsk, Toshkent va Vitebsk shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Belarus tadbirkor ayollarining biznes-forumlari doirasida shakllangan hamkorlik tajribasi ham alohida qayd etildi. Tadbirkor ayollar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, ularning qo‘shma loyihalardagi ishtirokini rag‘batlantirish va yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Forum yakunida Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo muloqotining navbatdagi natijasi bo‘lish bilan birga, erishilgan kelishuvlarni aniq loyiha va tashabbuslarga aylantirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA muxbiri