Xitoyning iqtisodiy yuksalishiga yo‘l ochgan kishi vafot etdi(+video)
VVS nashri Xitoy Davlat kengashining sobiq bosh vaziri Chju Junszi 97 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi.Chju Junszi Xitoyni jahon savdosiga olib kirishda muhim rol o‘ynagan. Uning davrida Xitoy Jahon savdo tashkilotiga qo‘shildi, xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va xitoylik korxonalar xalqaro bozorga chiqdi. U iqtisodiy islohotlarni ham jadallashtirdi: zarar keltirayotgan davlat korxonalarini qisqartirdi yoki xususiylashtirdi, soliq tizimini markazlashtirdi va xususiy uy-joy bozorining rivojlanishiga turtki berdi.
Chju Junszi qat’iyatli va ochiq gapiradigan rahbar sifatida tanilgan. U korrupsiya, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq hamda mahalliy rahbarlarning suiiste’mollarini ochiq tanqid qilgan. Uning islohotlari natijasida Xitoy iqtisodiyoti tez o‘sdi va mamlakat yirik sanoat davlatiga aylana boshladi. Ammo bu jarayonning salbiy tomoni ham bo‘lgan: islohotlar davrida 30 millionga yaqin odam ishdan bo‘shatilgan, iqtisodiy o‘sish esa boy va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutni ham kuchaytirgan.
Chju Junszi 1928-yilda Xunan viloyatida tug‘ilgan. Muhandislik ma’lumotiga ega bo‘lgan. 1949-yilda Kommunistik partiyaga qo‘shilgan. Keyinchalik Mao Szedunning iqtisodiy siyosatini tanqid qilgani uchun partiyadan chetlashtirilgan, ammo Mao vafotidan keyin yana partiyaga qaytarilgan.
1991-yilda Xitoy bosh vazirining o‘rinbosari bo‘lgan, 1998-yilda esa bosh vazir lavozimiga kelgan. U Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha muzokaralarda ham muhim rol o‘ynagan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6Z0FlBrU8LE?si=5FOPgDuXECDlFvT9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev,O‘zA