Xitoyda Turfon otliq bir mo‘jaz shahar bor. 600 mingdan ziyod aholi yashaydi. Aholi asosan uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Turfonni nafaqat Xitoy, balki dunyo uzumchilik bozorida eng yirik markazlardan biri deyish mumkin. Bu yerda 40 ming gektar maydonda 560 xil va nav uzum yetishtiriladi.
Ammo... Turfonning minglab yillik muammosi – suvsizlik. U dengiz sathidan 154 metr chuqurlikda joylashgan. Shuning uchun bu yerda harorat hamisha yuqori. Masalan, bugun 26 iyun kuni 48 daraja issiq edi.


Turfonning bir tomonida Tyan-Shan tog‘lari joylashgan. Qorlar erib 50-60 kilometr pastdagi Turfon vodiysiga borguncha harorat yuqoriligi va qumlikdan o‘tishi kerak bo‘lganligi uchun suvning 90 foizi yo‘qotilgan. Ya’ni yerga singib ketgan va havoga parlangan. Shunda bundan 1300 yil ilgari turfonliklar yer osti arig‘ini qaziganlar. Yer osti kanallarining umumiy uzunligi 5327 kilometrni, quduqlarning soni 150 mingtadan ziyodni tashkil etgan. Shu usulda Tyan-Shan tog‘laridan tushgan suvni yer osti quduqlari orqali olib borilganda yo‘qotish keskin kamayib, suvning qariyb 90 foizi Turfon vodiysiga yetib borgan.


Tasavvur qiling tog‘dan erib tushgan suvni Turfonga olib kelish uchun necha-necha avlodlar quduq va ariq qazigan. Keyin suvni bir havzaga yig‘ib, charxpalaklarda ko‘targan va dalaga oqizgan. Shu tariqa uzum yetishtirgan. Hozir ham zamonaviy texnologiyalar rivojlangan bo‘lsada Tyan-Shan suvlari Turfonga yer ostidan keltiriladi va u iste’mol uchun ham eng toza, mazali suv bo‘lib qolavergan.
– Meyimboy Karizi 300 yildan buyon hozirgacha uzluksiz xizmat qilib kelyapti, – deydi Yer osti ariqlari – Kariz muzeyi ilmiy xodimi Tursunoy Xo‘jaahmad.


Aslida hamon xalqqa ichimlik suvi, dalalarga obihayot bo‘lib taralayotgan suv shu Karizlardan kelmoqda.
– Eng burungi Karizlarning tarixi 1300 yildan 1500 yilgacha boradi. Hatto undan qadimiy bo‘lishi ham mumkin, – deydi Tursunoy Xo‘jaahmad.


Qani endi aytingchi, suv tejashning Turfon tajribasi dunyo mo‘’jizalaridan biri emasmi?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DPDdx6yHdLE" title="Xitoyning bir yarim ming yillik suv tejash tajribasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov