Xitoylik tadbirkorlar Andijonda
O‘tgan haftada Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi Andijon viloyati delegatsiyasining Xitoy davlatiga xizmat safari davomida charm poyabzal, elektromobillar uchun akkumulyatorlar, lift ishlab chiqarish, metall konstruksiyalar tayyorlash, qalampir yetishtirish va qayta ishlash, shuningdek, GESlar qurish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasida Andijon viloyati hamda Xitoyning 10 dan ortiq kompaniyalari o‘rtasida kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Ana shu hamkorlik doirasidagi kelishuvlar asosida viloyat bilan yaqindan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida bir guruh xitoylik investorlar Andijonga tashrif buyurdi.
[gallery-15362]
Vivi Yan xonim boshchiligidagi "Chongqing Youzhijun Education & Consulting Service Co Ltd" kompaniyasi vakillari Andijon viloyatidagi qator oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, ularning faoliyati, ta’lim jarayonlari bilan tanishdi. Mehmonlarga oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlari, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizda xorijiy investorlarga beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
Xitoylik mehmonlar viloyatdagi ta’lim muassasalarida talabalarga xitoy tilini mukammal o‘rgatish va boshqa xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni joriy etishni rejalashtirgan.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari