Xitoylik sayyohlarning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortmoqda
Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi tufayli Markaziy Osiyo xitoylik sayyohlar uchun jozibador mintaqaga aylanmoqda. Chin ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, ushbu mamlakat fuqarolari tomonidan band qilingan aviachiptalar soni COVID pandemiyasidan oldingi darajaga nisbatan ham 120 foiz oshgan.
– Shubhasiz, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yo‘lovchilar oqimi yil sayin oshyapti, – deyilgan xabarda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi qulay viza sharti, noyob madaniy tajriba taklif qilayotgan davlatlar xitoylik sayyohlar orasida ayniqsa mashhur. O‘sib borayotgan talabga javoban avia kompaniyalar Shanxaydan Olmaota, Bishkek va Toshkentga yangi yo‘nalishlar ochmoqda.
Tahlilchilar fikricha, Markaziy Osiyoga nisbatan kuchayib borayotgan qiziqish global turizm maydonida yangi tendensiyaga aylanishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA