Xitoylik investorlarga yer ajratiladi
Nurafshon shahrida Xitoyning Shinjon – Uyg‘ur avtonom rayoni gubernatori o‘rinbosari Yusufujiang Maimaiti Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Viloyat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikalari o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Viloyat hududiy jihatdan yirikligi va bu sanoat korxonalari uchun har tomonlama qulay ekanini bildirdi.

Hozir viloyatda 370 dan ortiq Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonalar bor va ularning kapitali 2 milliard dollardan oshgan.
Suhbat davomida xitoylik mehmonlar tomonidan farmatsevtika va tibbiyot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, kadrlar tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish takliflari bildirildi. Bu loyihalar uchun esa viloyat hududidan 50 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, Z.Mirzayev viloyatning ma’muriy markazini qurish, yangi shahar bunyodkorligi uchun qurilish materiallari zarur bo‘layotganini ta’kidladi va bu borada amaliy hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

A.Musayev, O‘zA