Xitoydan zamonaviy paxta terish mashinalari keltirildi
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi 182 ta fermer xo‘jaligi va 2 ta paxta-to‘qimachilik klasteriga qarashli 13 500 gektar maydonga yaxshi niyatlar bilan chigitning hosildor navlari ekilgandi.
Ayni paytda ular yetilib, lo‘ppi paxtalarga aylandi. Endi esa ularni yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay, o‘z vaqtida terib olish katta mehnat va tashkilotchilikni talab etadi.

Bu jarayonni samarali tashkil etish va hosilni yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish maqsadida tumanga Xitoydan 40 dona “FM-World” rusumli zamonaviy paxta terish mashinalari olib kelindi.
Xitoydan keltirilgan texnikalar hamda mavjud zamonaviy paxta terish agregatlarini mavsumga shayligini sinovdan o‘tkazish va tajriba almashish maqsadida “Bobur qishloq xo‘jaligi” klasterining dala maydonida seminar tashkil etildi. Unda barcha agregatlar amalda sinovdan o‘tkazildi, fermerlar va mutaxassislar ularning samaradorligiga guvoh bo‘ldilar.

Yangi mashinalar mehnatni yengillashtirish, terimdagi yo‘qotishlarini kamaytirish va ish unumdorligini oshirish bilan ajralib turadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil har gektardan o‘rtacha 45 sentner hosil olinishi, natijada 60 750 tonna “oq oltin” xirmoni ko‘tarilishi kutilmoqda.

– Bu mashinalar fermerlar uchun katta tajriba bo‘ldi, – deydi "Safar Uchqun" fermer xo‘jaligi rahbari Nabi Safarov. – Ilgari paxta terimi asosan qo‘l mehnatiga suyangan bo‘lsa, bugungi mashinalar mehnatni yengillashtirib, hosilni o‘z vaqtida xirmonga yig‘ish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri