Xitoyda O‘zbekiston oliy ta’lim salohiyati namoyish etiladi
Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy va zamonaviy uyg‘unlashgan Sian shahrida uchinchi “Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik” xalqaro forumiga start berildi.
Mazkur nufuzli forum doirasida tashkil etilayotgan “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonning 44 ta yetakchi oliy ta’lim tashkilotidan iborat delegatsiya Sian shahriga yetib bordi.
“Study in Uzbekistan” ko‘rgazmasi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro salohiyatini namoyish etish, xorijiy talabalarni mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga keng jalb qilish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy, akademik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari tomonidan ta’lim dasturlari, xalqaro almashinuv loyihalari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar taqdim etiladi. Shuningdek, universitetlar o‘rtasida yangi hamkorlik memorandumlari va qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA