Xitoyda ko‘mir konida portlash sodir bo‘ldi: qurbonlar bor
Xitoyning shimolida joylashgan Shansi provinsiyasidagi “Lushenyuy” ko‘mir konida mudhish hodisa yuz berdi. Konda kuchli gaz portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 90 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda "BBC" nashri.
Ta’kidlanishicha, portlash yuz bergan vaqtda kon hududida jami 247 nafar ishchi bo‘lgan. Halokatning ilk soatlarida 82 nafar konchi qurbon bo‘lgani va yana 9 kishi bedarak yo‘qolgani haqida aytilgan edi, biroq keyingi qidiruv-qutqaruv ishlari davomida qurbonlar soni yana ortgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda voqea joyida vaziyatni barqarorlashtirish va omon qolganlarni izlash bo‘yicha qutqaruv amaliyoti davom etmoqda. XXR yetakchisi Si Szinpin ushbu fojia yuzasidan zudlik bilan bayonot berib, jabrlanganlarga tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, kon ostida qolib ketganlarni qutqarish uchun davlatning barcha imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirdi.
Shu bilan birga, davlat rahbari hukumat tizimlariga halokat kelib chiqish sabablarini sinchiklab o‘rganish va bu ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan aybdor shaxslarni qat’iy javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq bergan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA