2020 yilning 11 fevralidan 12 fevraliga o‘tar kechasi Shanxay shahrida ijaraga olingan gibrid avtomobil o‘z-o‘zidan yonib ketgan. Natijada, atrofdagi binolar va transport vositalari bundan zarar ko‘rgan, deb yozadi Xitoyning Mydrivers veb-sayti.
Ayni paytda yonib ketgan mashina shatakka olib, tortib olindi, yong‘in sabablari aniqlashtirilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Xitoy bozorida yangi energiya manbalari asosida harakatlanadigan yengil avtomobillarning o‘z-o‘zidan yonishi bilan bog‘liq 27 ta holat ro‘yxatga olingan.
Ekspertlarning qayd etishicha, bunday avtomobillarga ulardan foydalanish masalasi bo‘yicha ko‘proq e’tibor qaratish kerak. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar elektromobillarni bozorga chiqarishdan oldin ularni ko‘proq sinovdan o‘tkazishi, jumladan tez, sekin va past haroratli zaryadlash hamda past haroratda ulardan foydalanish bo‘yicha puxta tekshiruv o‘tkazishlari lozim. Akkumulyator kompaniyalari yig‘ish jarayonini qat’iy nazorat qilishlari va sifatli akkumulyatorlar ishlab chiqarishlari kerak.
O‘tgan yili Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari bozori elektromobillar uchun uchta majburiy milliy standartni e’lon qildi: “Elektromobillar uchun xavfsizlik talablari”, “Elektr avtobuslar uchun xavfsizlik talablari” va “Elektromobillarning akkumulyator batareyalari uchun xavfsizlik talablari”.
Yaqinda akkumulyator batareyasi shikastlangandan keyin 5 daqiqa ichida yong‘in chiqmasligi yoki portlamasligini kafolatlaydigan sinov o‘tkazildi. Bu yo‘lovchilarni xavfsiz evakuatsiya qilish imkonini beradi.
O‘zbekistonda ham muqobil energiya manbalari asosida ishlaydigan transportdan foydalanish bo‘yicha infratuzilma yaratish ishlari amalaga oshirilmoqda. Hozircha alohida qoidalar va normativlarni joriy etish uchun mamlakatimizda elektromobillar soni juda kam, biroq bu ishlar kelajakda amalga oshirilishi kerak. Zero, turli mamlakatlar amaliyoti elektromobillarning u qadar xavfsiz transport vositasi emasligini ko‘rsatmoqda.
Roman BONDARCHUK, O‘zA