Xitoyda COVID-19 yana ko‘paya boshladi
Xitoyda COVID-19 kasalligi bilan bog‘liq ko‘rsatkich ikki oy o‘tgach, yana orta boshladi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yunnan provinsiyasining janubi-g‘arbiy qismida, Myanma bilan chegaradosh Juyli shahrida ham yangi holatlar kuzatilgan.
Hukumat shu hududda yashovchilar uchun uy karantini e’lon qildi. Bir haftadan buyon odamlarning shaharga na kirishiga, na chiqishiga ruxsat berilmayapti.
Ta’kidlash kerak, 4 aprel kuni 15 kishida infeksiya qayd etilgan bo‘lib, ularning hammasi shaharda istiqomat qilishadi. Bundan tashqari, chet eldan kelgan 32 nafar fuqaroda ham virus aniqlandi.
Juylidagi holatning genetik tahlili shuni ko‘rsatdiki, mahalliy yuqumli kasalliklar Myanmadan kirib kelgan virusdan paydo bo‘lgan. Bemorlarning 11 nafari Myanma fuqarolari ekani aytilmoqda.
Bugun shaharda mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da uchta yuqori xavfli va oltita o‘rtacha xavfli hudud ro‘yxati e’lon qilindi, deya xabar bermoqda CCTV davlat teleradiokompaniyasi.
Juylida 6 apreldan boshlab koronavirusga qarshi ikkinchi sinov o‘tkaziladi. Shuningdek, 15-29 mart kunlari yuqori xavfli hududlardan biri bo‘lgan tumandagi bozorga kirgan fuqarolar uy karantiniga olinadi.
Darvoqe, Xitoyning materik qismida COVID-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 90 ming 305 taga yetdi. Virusdan vafot etganlar esa o‘zgarishsiz, 4 ming 636 kishini tashkil qilmoqda.