Xitoy va Koreya elchilari Buxoroda
Xitoy Xalq Respublikasi va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari Buxoroga keldi. Mehmonlar Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.
Viloyat hokimi rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish xalqaro munosabatlarda Buxoro uchun ustuvorlik kasb etayotganini, bunda mamlakatlar rahbarlarining do‘stona munosabatlari va oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etgan elchilar bu borada Buxoro viloyatining ham o‘z o‘rni borligini ta’kidlashdi. Xitoy va Koreya bilan hamkorlik darajasi eng yuqori bo‘lgan viloyat Buxoro ekani e’tirof etildi.

Buxoro viloyatining Xitoy va Koreya davlatlari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish borasida fikr almashildi.
Xitoy Xalq Respublikasi va Koreya Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasi yuqori bo‘lgan o‘nta davlat qatoriga kirishi etirof etildi. Xususan, bugungi kunda Buxoro viloyatida xorijiy investorlar ishtirokidagi 430 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 45 tasi Xitoy, 13 tasi Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.

Samimiy muloqot davomida Botir Zaripov barcha xorijiy hamkorlar qatori Xitoy va Koreya kompaniyalarining ham viloyatda amalga oshirayotgan loyihalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Xitoy va Koreyaning yirik kompaniyalarini Buxoroda to‘qimachilik, qurilish, elektrotexnika mahsulotlari, quyosh panellari ishlab chiqarish, shamol elektr stansiyalari, zamonaviy mehmonxonalar qurish, gastronomiya va ekoturizm korxonalarini ochish, erkin iqtisodiy zonalarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilishda amaliy yordam berishga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari va bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA