Xitoy va AQSH mudofaa rahbarlari Singapurda uchrashdi
Xitoy va AQSH mudofaa rahbarlari o‘tgan juma kuni, “COVID-19” pandemiyasi davridagi ikki yillik tanaffusdan so‘ng Singapurda bo‘lib o‘tgan “Shangri-La” mudofaa sammitida yuzma-yuz uchrashdi.
— Men “Shangri-La” muloqoti doirasida XXR vaziri Vey bilan uchrashdim, — dedi AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin. — Muloqot chog‘ida biz AQSH va Xitoy o‘rtasidagi mudofaa munosabati, global hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildik.
Ostin Qo‘shma Shtatlar Tayvan munosabatlari to‘g‘risidagi qonun, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi uchta qo‘shma kommyunike va oltita kafolatga asoslanadigan uzoq yillik Yagona Xitoy siyosatiga sodiqligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tish joiz, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabat Tayvan munosabatlari to‘g‘risidagi qonun va 1979 yilgi AQSH qonuni bilan tartibga solinadi. Ushbu tartibga ko‘ra, Vashington Yagona Xitoy, deb ataladigan siyosatga amal qiladi va Tayvanni materik Xitoyning bir qismi sifatida tan oladi.
Shuningdek, Tayvan munosabatlari to‘g‘risidagi qonun AQSH Taypeyni ehtimoliy hujumdan himoya qilish uchun zarur resurslar bilan ta’minlashini taqozo etadi. Shu bilan birga, Xitoy Tayvanga bostirib kirsa, bu xuruj AQSHni harbiy aralashuvga majburlamaydi ham.
— Kotib status-kvoning bir tomonlama o‘zgarishiga qarshilik ko‘rsatib, bo‘g‘ozlar bo‘ylab tinchlik va barqarorlikni ta’minlash muhimligini yana bir bor tasdiqladi, XXRni Tayvanga qarshi keyingi beqarorlashtiruvchi harakatdan tiyilishga chaqirdi, — deyiladi yana Lloyd Ostin bayonotida.
O‘z navbatida XXR Davlat kengashi a’zosi, mudofaa vaziri Vey Fenxe Rossiya va Ukraina masalasida Ostinga Xitoy “bu masalada doimo xolislik va adolat tamoyiliga amal qilishini, tinchlik o‘rnatish, muzokara o‘tkazish uchun faol harakat qilishi”ni aytdi.
— Kimdir Rossiya - Ukraina masalasidan Xitoy manfaatiga zarar yetkazish uchun foydalanmoqchi bo‘lsa, bunga qarshi kuchli choralar ko‘riladi, albatta, — qo‘shimcha qildi Vey.
Xitoy Tayvanga qurol sotishni qoraladi
Darvoqe, “Shangri-La” mudofaa sammitida 42 mamlakatdan yuqori darajadagi mudofaa va xavfsizlik amaldorlari yig‘ildi.
Xitoyning “Global Times” gazetasi yozishicha, Vey Ostinga Tayvan oroli Xitoyga tegishli va yagona Xitoy tamoyili Xitoy - AQSH munosabatining siyosiy asosidir, degan.
— Xitoy AQSHning orolga qurol sotishini qoralaydi, — dedi Vey o‘tgan hafta boshida Vashington va Taypey o‘rtasida imzolangan 120 million dollarlik bitimga ishora qilib.
Ta’kidlash joiz, Jo Bayden ma’muriyati 2021 yil yanvar oyida hokimiyat tepasiga kelgandan buyon, Ostin va Vey faqat bir marta gaplashdi. Joriy yil aprel oyidagi 45 daqiqa davom etgan telefon so‘zlashuvini Pentagon, shunchaki, yaxshi alomat, deb atadi.
Pekin iltimosiga ko‘ra bo‘lib o‘tgan Singapurdagi uchrashuv Vashington Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan, Pekinning kuchayib borayotgan ta’sirini jilovlash maqsadida ikki va ko‘p tomonlama yordamni kuchaytirayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Qolaversa, o‘tgan oy AQSH Prezidenti, agar Xitoy 24 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan, o‘zini o‘zi boshqaradigan Tayvan orolini qo‘lga kiritish uchun kuch ishlatmoqchi bo‘lsa, Vashington harbiy vositalarni ishga solishi mumkinligi haqida ogohlantirgani ham ikki qudratli davlat mudofaa tizimi rahbarlari uchrashuvi tezlashishiga sabab bo‘ldi.
Tayvanga qarshi beqarorlashtiruvchi harakatdan saqlaning!
Xitoy Tayvanni o‘zining “ajralib ketgan viloyati”, deb biladi, biroq 1949 yildan buyon 14 davlat bilan to‘liq diplomatik aloqa o‘rnatgan Taypey esa o‘zining mustaqilligini ta’kidlab keladi.
Amerika tomoni ta’kidlashicha, Ostin Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab tinchlik va barqarorlik hukm surishi muhimligini, status-kvoning bir tomonlama o‘zgarishiga qarshiligini yana bir bor tasdiqladi va XXRni Taypeyga qarshi vaziyatni yanada beqarorlashtiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Vey esa bunga shunday javob berdi: “Xitoy harbiylari Tayvan mustaqilligini himoya qilishga qaratilgan har qanday urinishni to‘xtatishdan tortinmaydi”.
Vashington va Taypey munosabati Donald Tramp davridan boshlab ko‘tarila boshlagan. Shundan buyon Tayvan bo‘g‘ozida havo va dengiz kuchlari ishtirokidagi qizg‘in operatsiyalar tez-tez kuzatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar uchrab turadi.
Bayden prezidentlikka kelgach, AQSH Tayvanga to‘rt marta qurol sotgani, Amerikaning ko‘plab amaldagi va sobiq qonunchilari, amaldorlari ushbu orolga tashrif buyurib, o‘nlab jangovar samolyotlar bo‘g‘oz orqali olib o‘tilgani ham Pekinga yoqmayapti.
Xullas, “Shangri-La” mudofaa sammitida muhokama qilingan masalalar dunyo jamoatchiligini juda qiziqtirmoqda. Mintaqada voqealar qanday rivojlanishi, sammit natijalari holatga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi esa vaqt hukmida.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA