Xitoy tashqi siyosatini katta bambuk ayig‘i belgilaydi
Xitoy hukumati 2025-yilga qadar yovvoyi tabiatdagi pandalar sonini 18 foizga ko‘paytirishga qaror qildi. Natijada yovvoyi tabiatdagi pandalar soni 2 ming 200 taga yetadi.
Xitoy hukumati 2025-yilga qadar yovvoyi tabiatdagi pandalar sonini 18 foizga ko‘paytirishga qaror qildi. Natijada yovvoyi tabiatdagi pandalar soni 2 ming 200 taga yetadi.
Ayni damda Xitoy yovvoyi tabiatida 1 ming 864 bosh panda mavjud. Yana 422 panda maxsus markazlarda boqiladi. Hukumat 2025-yilgacha Sichuan, Gansu va Shensi viloyatlarida pandalar uchun maxsus hududlar yaratish ustida ish olib bormoqda. Maxsus markazlardagi pandalar ham keyinchalik yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborilishi mumkin. Katta panda bambuk ayig‘i ham deb ataladi.
Pandani yer sharining hamma joyida ham uchratib bo‘lmaydi. Vatani Sichuan viloyati va Tibet bo‘lgan katta panda Xitoy davlati tomonidan “Qizil kitob”ga kiritilgan va muhofazaga olingan. Bundan tashqari panda Xitoy ramzi va faxri hamdir. Shu sababli ham Pekin diplomatiyasida alohida o‘rin tutadi. Bu hayvonlarni boshqa mamlakatlarga yuborish an’anaga aylanib qolgan, ayrim hollarda uni “panda diplomatiyasi” deb ham aytishadi. Pandani ovlaganlarga Xitoyda o‘lim jazosi qo‘llaniladi.
Qadimda va o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab, hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarga binoan Xitoy o‘z hamkorlari bo‘lmish davlatlarga bu noyob jonivorni sovg‘a qilgan.
“Osmon osti mamlakati” hukmdorlari diplomatik uchrashuvlar vaqtida bir-birlariga panda sovg‘a qilishgan. Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan “Faynenshel-tayms” gazetasida bosilgan maqoladagi “Katta pandani kuzating: Aynan u Xitoy tashqi siyosatini belgilaydi” degan so‘zlar buning isbotidir. Ilk bor panda xizmatidan Tan sulolasi (618—907) hukmdorlari foydalanishgan. Imperiya hukmdori bo‘lmish malika U Szetyan ikkita pandani Yaponiya imperatoriga sovg‘a qilgan edi. Ammo bu panda-diplomatiya amaliyoti 1950-yilarga kelib yo‘lga qo‘yildi. 1957 yildan 1983 yilga qadar Xitoy 9 mamlakatga jami 23 panda sovg‘a qildi. Shunda ham Xitoyga do‘st bo‘lgan mamlakatlargagina berilardi. 1970 yillarda Xitoy g‘arb mamlakatlari bilan aloqlarni yaxshilash maqsadida panda-diplomatiyasidan foydalanishga qaror qildi. 1972 yilda AQSH prezidenti Richard Nikson Xitoyga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida Pekin hayvonat bog‘iga ham bordi. Oliy mehmon sharafiga berilgan ziyofatda bosh vazir Chjou Enlay Richard Niksonning rafiqasi Pet Niksonga “Panda” sigaretasini ko‘rsatar ekan, shu kabi sovg‘a olish niyati bor yoki yo‘qligini so‘raydi. Ammo AQSH birinchi xonimi chekmasligini aytadi. Shunda bosh vazir sigaret qutisida aks etgan hayvonni sovg‘a qilish niyatida ekanni aytadi. Shu tariqa Ling-Ling va Sin-Sin laqabli pandalar Qo‘shma shtatlar bo‘ylab safarga chiqadi.
Pet Nikson pandalarni Milliy hayvonat bog‘iga topshirishga qaror qildi. Shu tariqa pandalar Xitoy-AQSH munosabatlarining yaxshilanishiga xizmat qildi. 1972 yilda Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar ham iliqlasha boshladi. Bunda Yaponiyaga sovg‘a qilingan ikkita - Lan-Lan va Kan-Kan laqabli pandalarning alohida xizmati bor. 1973 yilda Xitoy xukumati ikkita — Yan-Yan va Lili laqabli pandalarni Fransiyaga sovg‘a qiladi. Oradan bir yil o‘tib Szya-Szya va Szin-Szin laqabli pandalar Buyuk Brianiyaga sovg‘a qilindi. 1980-yillar o‘rtalarida pandaga talab ortgani bois, hukumat milliy boylik hisoblanmish pandalarni sovg‘a qilishni to‘xtatdi. 1985 yilda hukumat bundan keyin panda boshqa mamlakatlarga sovg‘a qilinmasligini, balki ijaraga berilishi mumkinligi borasida qaror qabul qildi.
Bugungi kunda pandalar sovg‘a qilinmaydi, balki 10 yilga ijaraga beriladi. Buning uchun ijaraga olmoqchi bo‘lgan davlat Xitoyga bir yil uchun 1 million dollar to‘lab qo‘yishi kerak bo‘ladi. Shunda ham bitta shart bilan, o‘sha mamlakatda tug‘ilgan panda Xitoy mulki hisoblanadi. Agar panda nobud bo‘lsa, u holda hayvonat bog‘i Xitoy xukumatiga qo‘shimcha ravishda tovon to‘laydi.
“Panda” xitoychada “da syunmao” deyiladi. Panda Jahon Yovvoyi tabiat Fondi (WWF)ning rasmiy ramzi hisoblanadi. Bu ramzni muzliklar makonidan tortib tropik o‘rmonlargacha, cho‘l-dashtlargacha bo‘lgan hududlarda uchratish mumkin.
Taxminan 2 ming yil aval katta pandalar Sharqiy Osiyoning barcha bambuk o‘rmonlarida, Xitoyning markaziy va janubiy xududlarida, Vyetnam va Myanmada uchragan. Bambuk o‘rmonlari kesila boshlangach, asta-sekin pandalar ham yo‘q bo‘lib ketadi. O‘shanda yer yuzida birorta ham panda qolmasligi bashorat qilingan edi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganidan keyin, xukumat o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab pandalarni o‘z muhofazasiga oldi. Buning uchun 32 ta qo‘riqxona tashkil etildi. Pandalarni qutqarish maqsadida Davlat ilmiy markazi tashkil etilgan.