Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Bu haqda mamlakatimiz TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatining joriy holati va aloqalarni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

Vazirlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish jarayoni, ikki davlat rahbarlari tomonidan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridagi munosabatni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini muhokama qildilar.

Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi g‘oyasini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, jumladan, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi konstruktiv muloqotni chuqurlashtirish, Tashkilotning joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Sammitiga tayyorgarlikning borishi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha hamkorlik mexanizmiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zA