Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda
Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Dilmurod Abdurahmonov boshchiligidagi viloyatda faoliyat yuritayotgan yetakchi klaster rahbarlaridan iborat delegatsiya Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida bo‘lib qaytdi.
Safardan ko‘zlangan maqsad hamkorlikni yanada kengaytirish va qishloq xo‘jaligida bilim va tajribalarni o‘rganishdan iborat edi. Delegatsiya a’zolari tashrifning dastlabki kuni “Boshiran” kompaniyasining qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi faoliyati, innovatsion usulda yetishtirilayotgan paxta dalasi bilan tanishdi.

Muloqot davomida hamkorlikning amaliy jihatlari va kompaniyaning innovatsion usulda paxta yetishtirish tajribasini Sirdaryo viloyatida joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, 50 ta zamonaviy, yuqori samarali paxta terish mashinasi, 20 tadan diskli tirgak (borona), chigit ekish seyalkasi va yuqori unumli haydov traktorini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Shu kunning o‘zida 18 ta paxta terish mashinasi O‘zbekistonga yuborildi.
Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri