Xitoy SI yordamida onlayn tijoratni rivojlantiradi
Xitoy Savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar onlayn-chakana sektorda sun’iy intellektni faol qo‘llashga qaratilgan. Bu haqda “China Daily” yozdi.
Yangi tartib rasman “AI plus ye-commyercye” modelini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bozor rahbarlariga ilmiy-tadqiqot xarajatini oshirish, iste’molchi tajribasini o‘zlashtirish uchun neyron tarmog‘idan foydalanish, tranzaksiya va logistika sarfini kamaytirish yuzasidan tavsiya beradi.
– Xitoy 13 yil davomida dunyodagi eng yirik onlayn chakana savdo bozori maqomini saqlab kelmoqda, – deydi elektron tijorat departamenti mas’ul vakili. – Bugungi kunda tarmoq 26 million mahalliy sotuvchini birlashtirib, yer yuzi bo‘ylab 3,2 milliard iste’molchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Strategiyaning yana bir muhim qismi transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirishdir. Ya’ni, mazkur hujjat kompaniyalarga xorijda bevosita xarid qilish bazalarini tashkil etish, mahsulot importini kengaytirish va butun dunyodan Xitoy bozoriga kirish uchun “to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘laklar” yaratish imkonini yaratadi.
Soha tahlilchilari fikricha, SIga asoslangan uslublarga o‘tish onlayn xaridni maqsadli va samarali qiladi. Bunday sa’y-harakat Xitoyning global biznes va milliy raqamli iqtisodiyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli rejasini ham tasdiqlaydi.
G.Sattorova, O‘zA