Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termizda Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay Oriental Credits Industrial Development Co Ltd kompaniyasining direktorlar kengashi raisi Xu Chunxua va ijrochi direktori Djeyms Syaolarni qabul qildi.
Uchrashuvda viloyat rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotganini alohida qayd etib, mehmonlarga hududning iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va qazilma boyliklari, qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradosh vohada faoliyat yuritayotgan “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin iqtisodiy zonasining imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.


Mazkur kompaniya Xitoyning jadal rivojlanish davrida to‘plagan tajribasi va innovatsiyalarini mamlakatimizga olib kelish uchun sanoat texnologiyasi hamda ilmiy-texnologik innovatsiyalarga e’tibor qaratadi. Kompaniya mamlakatimizdagi o‘z hamkorlari bilan ishonchli aloqani yo‘lga qo‘ygan. Xitoyning Janubi-Sharqiy universiteti va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.


Muloqot chog‘ida xitoylik sarmoyadorlar viloyatda ko‘mirni qayta ishlash va boshqa qator istiqbolli loyihalarga katta qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida mehmonlar hududlarda bo‘lib, vohaning yer osti va yer usti boyliklari bilan yaqindan tanishishga taklif etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri