Xitoy qanday qilib qashshoqlikni bartaraf qildi?
Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi muvaffaqiyati zamirida, muhtojlarga shunchaki pul tarqatish emas, balki muammoga tizimli yondashuv yotibdi. Biroq erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash lozim, deydi Taihe tahlil markazining katta ilmiy xodimi Ley Chjityan RIA Novosti muxbiri bilan suhbatda.
Chorshanba kuni XXR raisi Si Szinpin Xitoyda qashshoqlik ustidan to‘la g‘alaba qilingani haqda bayonot bergan edi. 8 yil davomida mamlakatda 100 million kishi qashshoqlik botqog‘idan xalos bo‘ldi. Shunday qilib Xitoy BMTning 2030 yilgacha qashshoqlikni tugatish bo‘yicha maqsadlarini 10 yil avval uddaladi, dedi davlat rahbari Si Szinpin.
"O‘ylashimcha, qashshoqlikni yengishdagi muvaffaqiyat zamirida asosan masalani hal qilishdagi o‘ziga xos yondashuv yotibdi. Bu masalani bir martada yechish uchun qashshoqlarga shunchaki pul tarqatishni nazarda tutmaydi. Bu muammoni hal qilishga tizimli yondashuvdir", — dedi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy hukumati qashshoqlik muammosiga ta’lim, bandlik, sanoatni rivojlantirish yo‘li bilan yechim topmoqda. Sanoatni qo‘llab-quvvatlash ta’limni qo‘llab-quvvatlash deganidir, ta’limni qo‘llab-quvvatlash kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash deganidir. Bundan tashqari, qashshoq oilalarni ko‘chirish va infratuzilmalarni barpo qilish yordamida qashshoqlikka qarshi kurash dasturlari ham mavjud.
"Masalan, yo‘llarni qurish vositasida kommunikatsiya muammosini hal qilamiz, bu qashshoqlikka qarshi kurashning eng aniq choralaridir. Bu alohida bir odamning muammosi emas, balki masalaning tub yechimi hisoblanadi. Shu bois ushbu choralar barqaror va uzoq muddatli dastur hisoblanadi. To‘g‘ri, natijalarga juda sekin erishiladi, biroq bir necha o‘n yildan buyon olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz, ayniqsa so‘nggi o‘n yilda olib borgan siyosatimiz oz-ozdan bo‘lsa-da bugungi katta g‘alabaga olib keldi. O‘ylashimcha muvaffaqiyatimizning asosiy omili ham shunda", — deb hisoblaydi Ley Chjityan.