Xitoy – O‘zbekiston biznes-forumi tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi samarali davom etmoqda.
Tashrif doirasida ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida Xitoy (Sichuan) – O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) biznes-forumi tashkil etildi. Ushbu tadbirda Sichuan provinsiyasi Xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish kengashi raisining o‘rinbosari Vang Guang Jun hamda 150 nafardan ortiq yirik xitoylik investor va tadbirkor ishtirok etdi.
Biznes-forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan Orolbo‘yi hududiga qaratilayotgan alohida e’tibor, tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit va maxsus imtiyozlar paketi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida “Ji An Tai International Industries” va “China Railway Construction Heavy Industry” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari Qoraqalpog‘istondagi qulay biznes muhitini yuqori baholab, hamkasblarini hudud bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiquvchi qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Iqtisodiy rivojlanishda hamkorlikni rivojlantirish global assotsiatsiyasi bilan Nukus shahrida xitoylik investorlarni jalb qilish bo‘yicha maxsus ofis tashkil etish yuzasidan memorandum imzolandi.

Shuningdek, forum doirasida chorvachilik, baliqchilik, elektrotexnika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, mudofaa maqsadlarida dronlar ishlab chiqarish hamda mebel sanoati yo‘nalishidagi yirik kompaniyalar bilan samarali muzokaralar o‘tkazilib, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini Qoraqalpog‘istonda joylashtirish masalalari kelishib olindi.
Biznes-forum yakunida avtomobilsozlik, agrosanoat va to‘qimachilik sohalarida umumiy qiymati 245 million AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiyaviy shartnomalar paketi imzolandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.