Xitoy og‘ir atletikaning ommaviyligini oshiradi
2022 yildan bir qator sport turlari bo‘yicha Parij-2024 o‘yinlariga reyting ochkolarni taqdim etadigan sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Ana shunday bahslardan biri joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Xitoyning Chunsin shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionati hisoblanadi. Aynan ushbu chempionatda jahon og‘ir atletikachilari 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun ilk reyting ochkolari uchun kurashishadi.
Avval xabar berganimizdek, mamlakatimiz poytaxti Toshkentda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi kongress yig‘ilishida 2024 yili Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi og‘ir atletika sport turining vazn toifalari belgilandi.
Unga ko‘ra, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi og‘ir atletika bahslarining erkaklar va ayollar o‘rtasidagi vazn toifalari 5+5 etib tasdiqlangan. Ya’ni, Parij sport maydonlarida erkaklar 61, 73, 89, 102, +102 kilogrammda, ayollar 49, 59, 71, 81, +81 kilogrammda 33-olimpiya o‘yinlarining medallari uchun kurash olib borishadi.
Kuni kecha Xitoy og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Chjou Szinsyan mazkur chempionat xalqaro og‘ir atletika oilasi uchun karnaval musobaqasi bo‘lishi bilan birga qadimiy sport turining “xalq ichiga kirishi”ni ma’lum qildi.
Boshqacha aytganda, og‘ir atletika sport turining ommaviyligini oshirish yo‘lida uni zamonaviylashtirish, tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli qilish, tomoshabinlar, ijtimoiy media foydalanuvchilari uchun qiziqarli jihatlarini namoyish etish nazarda tutilmoqda.
Xitoy og‘ir atletika mutasaddisining fikrlariga ko‘ra, tosh ko‘tarish bahslari, shou tomoshalari savdo markazlari, bog‘lar va keng jamoatchilik yig‘iladigan maydonlarga kirib borishi lozim.
Xalqaro og‘ir atletika(IWF) prezidentligiga da’vogarlik qilayotgan Chjou Szinsyanning Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga taqdim etgan ma’lumotida keltirilishicha, bu yo‘lda dunyo biznes olamining yetakchilari bo‘lgan “sakkizta hamkor” bilan ish olib borishi aytilgan. Ular orasida “TikTok” , “Baidu” va “Anta” kompaniyalari qayd etilgan.
Aytish lozimki, “TikTok” ijtimoiy media platformasi milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega, “Baidu” dunyodagi eng mashhur qidiruv tizimlaridan biri, “Anta” bo‘lsa Xitoyning eng yirik sport trikotaj kompaniyasi hisoblanadi.
Yana bir e’tiborli jihat, Xitoyda o‘tadigan chempionatda sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar belgilangan miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Mutaxassislarning fikricha, og‘ir atletika bo‘yicha rasmiy chempionatlarda sportchilarni moliyaviy taqdirlash hali biron chempionatda kuzatilmagan hol edi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy oxirgi marta 1995 yili og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilgan edi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA