Xitoy kosmos poygasida yangi marraga chiqdi
XXR ilk bor raketa kuchaytirgichini nazorat ostida muvaffaqiyatli qaytarishga erishdi. Mamlakatning “Long March-10B” tashuvchi raketasi Xaynan viloyatidagi Venchan kosmodromidan uchirildi va parvozdan so‘ng maxsus dengiz platformasiga bexato qo‘ndirildi.
Bu natija kosmik dasturi uchun tarixiy yutuq sifatida baholanmoqda.
Parvoz vaqtida raketa birinchi bosqichi ikkinchi bosqichdan ajralgach, oldindan belgilangan trayektoriya bo‘yicha harakatlanib, Xaynan sohillari yaqinida joylashtirilgan suzuvchi platformaga muvaffaqiyatli qaytdi. Shu orqali Xitoy qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa texnologiyalarini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashladi.
Mutaxassislar fikricha, birinchi bosqichni qayta tiklash texnologiyasi kelajakda kosmik parvozlar xarajatini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Bu usul raketa qismlarini bir necha marta ishlatish imkonini berib, yangi missiyalarni amalga oshirishni ancha arzonlashtiradi.
Rasmiylar ushbu muvaffaqiyatni koinotga qaratilgan dasturlarni rivojlantirishda muhim bosqich deb baholamoqda. Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda Xitoy qayta ishlatiladigan raketa texnologiyalarini yanada takomillashtirib, xalqaro kosmik poygada o‘z mavqeini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA