Xitoy kompaniyasi vakillari “BioPharma City” farmatsevtika klasteri imkoniyatlari bilan tanishdi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning yetakchi investitsiya kompaniyalaridan biri — “Gobi Partners” vakili Chibo Tang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda farmatsevtika sohasini yanada rivojlantirish, xorijiy investorlar uchun qulay biznes muhitini yaratish hamda zamonaviy biotexnologiya loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida xorijiy mehmonga so‘nggi yillarda O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga investitsiyalarni jalb etish borasida yaratilayotgan huquqiy va amaliy shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va imtiyozlar investorlar uchun keng istiqbollar ochayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda barpo etilayotgan zamonaviy “BioPharma City” farmatsevtika klasterining rivojlanish konsepsiyasi taqdim etildi. Klasterning ilmiy-tadqiqot markazlari, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish infratuzilmasi hamda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mavjud imkoniyatlar yuqori baholandi.

Ma’lumot uchun, “BioPharma City” farmatsevtika klasteri mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni o‘zaro integratsiya qilish orqali tashkil etilgan ilg‘or mintaqaviy biofarmatsevtika xabi hisoblanadi. Ushbu majmua zamonaviy biotexnologiyalar, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan yuqori texnologiyali infratuzilma va qulay sharoitlarni o‘zida mujassam etgan.
Muloqot chog‘ida tomonlar ilmiy tadqiqot va ishlanmalar, ilg‘or biotexnologiyalar hamda zamonaviy klinik tadqiqotlar yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini har tomonlama muhokama qildi. Xususan, Xitoyning ilg‘or tajribasi va venchur investitsiyalarini O‘zbekistonning farmatsevtika bozoriga jalb etish orqali innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash va belgilangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA