Xitoy kompaniyasi Qo‘qon davlat universiteti bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning «Shaanxi Foreign Economic & Trade Construction Group Co., Ltd.» (SFETCG) kompaniyasi rahbari Sin Szyanbang boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’lim va turizm sohalarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur kompaniya Qo‘qon davlat universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, bir qator loyiha takliflarini ishlab chiqqan. Uchrashuvda ilg‘or tajriba va zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida Qo‘qon shahrining turizm salohiyatini oshirish, shuningdek, universitet bilan tibbiyot va inklyuziv ta’lim sohalarida sheriklikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni aniq loyihalar asosida izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, «SFETCG» — Xitoyning Shensi provinsiyasida tashkil etilgan yirik davlat kompaniyasi bo‘lib, xalqaro qurilish, muhandislik va tashqi savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini izchil kengaytirib bormoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA