Vatanimiz tarixidagi 12 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1389 yil (bundan 635 yil oldin) – Shamsiddin Muhammad Jazariy Damashqda o‘zining “Payg‘ambarlar ulug‘ining so‘zlaridan mustahkam qo‘rg‘on” asarini yozib tugatdi. Muallif kirish qismida asarning yozilish va nomlanish sababini aytar ekan, Amir Temur tomonidan Damashqning ishg‘ol qilinishidagi jangda bir burchakda salovot aytib o‘tirib, o‘limdan qutilganini qayd etgan.
Tarixchi Muhammadixon Buzrukovning qayd etishicha, Shamsiddin Muhammad Jazariy 1350 yilda Damashqda tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni Vatanida olib, yetuk olim bo‘lib yetishgan. U 1402 yilda Anqara yaqinida bo‘lgan jangda usmoniylar lashkari safida edi. Jangda yengilgan Yildirim Boyazid bilan birga u ham asir tushadi. Amir Temur bu olimning xabarini va kimligini bilgach, odatiga binoan olimni Movarounnahrga olib keladi.
Shamsiddin Muhammad Jazariyga Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahridan turar-joy hozirlab berilgan. Keyinchalik Samarqandga keltirilgan bu buyuk imomga Amir Temur doimo hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ulug‘lagan. U odamlarga Qur’oni Karim va hadis ilmidan ta’lim berish hamda ilmiy asarlar yozish bilan shug‘ullangan. Asarlari asosan Qur’on va hadis ilmlariga oid. Shamsiddin Muhammad Jazariy Samarqanddagi “Bog‘i Xudo” madrasasida ham dars bergan. Sohibqiron vafotidan so‘ng alloma Movarounnahrni tark etib, o‘z vataniga qaytib ketgan.
1756 yil (bundan 268 yil oldin) – Muhammad Rahimxon Buxoro xonligi taxtiga rasmiy ravishda xon bo‘lib o‘tirdi. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning yozishicha, bu marosim Arkda o‘tkazilgan, Muhammad Rahimxon oq kigizga solinib, xon deb e’lon qilingan. Muhammad Rahimxonning xonlik taxtiga o‘tirishi o‘sha davr muarrixlari tomonidan muhim siyosiy voqea sifatida baholangan. Shu tariqa Buxoroda mang‘itlar sulolasining hukmronligi boshlandi. Mang‘itlarning o‘n bir yillik amaldagi hukmronligi endilikda rasmiy maqomga ega bo‘lgan.
1909 yil (bundan 115 yil oldin) – shoir, publitsist, adabiyotshunos va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi Hamid Olimjon tavallud topdi (vafoti 1944 yil). U 1939–1944 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Uning asarlarida Vatan tuyg‘usi do‘stlik va insoniylik fazilatlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida unga haykal o‘rnatilgan. U 2004 yilda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1928 yil (bundan 96 yil oldin) – biokimyogar-genetik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Ahmad Ibrohimov dunyoga keldi (vafoti 2008 yil).
1923 yil (bundan 101 yil oldin) – Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va RSFSR Xalq Komissarlar Soveti «Turkiston Respublikasida mahalliy tillarda ish yuritishga o‘tishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Bunga binoan Turkiston hududida faoliyat olib borayotgan barcha davlat organlarida ish yuritishni parallel ravishda mahalliy tillarda ham olib borish joriy qilinib, sovet boshqaruviga mahalliy aholini jalb qilish belgilandi.
1932 yil (bundan 92 yil oldin) – taniqli adabiyotshunos olim, jamoat arbobi, akademik Naim Karimov tavallud topdi (vafoti 2023 yil). Olim XX asr o‘zbek adabiyoti va uning yirik vakillari ijodini milliy g‘oya mezonlari asosida o‘rganish ishini birinchilardan bo‘lib boshlab berdi. Chunonchi, jadid adabiyoti, uning hur fikrli, adolatparvar vakillari Hamza, Fitrat, Cho‘lpon va boshqalar ijodi haqidagi o‘nlab kitob, maqolalar muallifi. Matnshunos sifatida Oybekning 20, G‘afur G‘ulomning 12, Hamid Olimjonning 10, Hamzaning 5 jildli to‘la asarlarini tayyorlash va nashr etishda ishtirok etgan.
Naim Karimov mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha jamoatchilik komissiyasi raisi (1999 yildan) sifatida Toshkentda Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasini bunyod etish (2001), shuningdek, Qatag‘on qurbonlari muzeyini tashkil qilishda (2002) jamoatchilik ishlarini amalga oshirgan.
1944 yil (bundan 80 yil oldin) – oqsil kimyosi, toksinlar va biotexnologiyalar kimyosi sohasidagi mashhur olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Shavkat Solihov dunyoga keldi. U 2006 yil 12 martdan – 2017 yil 10 yanvargacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan. Shavkat Solihov 2017 yil noyabrida Xitoy Fanlar akademiyasi a’zoligiga saylangan. U O‘zbekistondan saylangan birinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan saylangan (rossiyalik olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jores Alferovdan keyin) ikkinchi olimdir. Shavkat Solihov 2018 yilda 7 nafar xorijlik olim qatorida xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli mukofoti laureati bo‘ldi.
1990 yil (bundan 34 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ish olib boradigan mahsus tashkilot – YUNESKO tomonidan Xiva shahridagi Ichan qal’a Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, hozirgi kunga qadar YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan beshta meros ob’ekti: 1990 yilda – Ichan qal’a, 1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi, 2000 yilda – Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, 2001 yilda – “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ekti, 2016 yilda – G‘arbiy Tyanshan (Chotqol biosfera qo‘riqxonasi) kiritilgan.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrini O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, xo‘jalik va madaniy qurilish sohasida erishgan muvaffaqiyatlari, namunali obodonchilik ishlari hamda tashkil etilganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi.
1995 yil (bundan 29 yil oldin) – Indoneziyaning Yava orolida joylashgan Surakarta (norasmiy nomi Solo) shahrida «Agaxan» xalqaro xayriya fondi tarixiy-me’moriy obidalarni tiklash va ta’mirlash yo‘nalishida o‘tkazilgan tanlovda o‘zbekistonlik san’at ustalarining «Buxoro va buxoroliklar» mavzusidagi restavratsiya chizma nusxalari va tarxi hamda naqshlari nafisligi uchun munosib taqdirlandi.
2002 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida” Konstitutsiyaviy qonunlari, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Davlat statistikasi to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan Xorazm “Lazgi” raqsi Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati tajribasi asosida suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi