Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvlar imzolanmoqda.
Xususan, Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi akademiyasi o‘rtasida umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng bo‘lgan bitim tuzildi.

Qayd etilishicha, ushbu kelishuv asosida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘uvchi yirik zavod tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa fermer va dehqonlarni zamonaviy texnika bilan ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va import texnikalarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari zamonaviy chigit ekish va paxta xomashyosini terish texnikalarini ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati bilan ham tanishdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston agrar sohasini modernizatsiya qilish va texnik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, safar davomida delegatsiya qator ilmiy va ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari genetik muhandislik va yangi paxta navlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida taqdimotni tingladilar. Ilmiy uchrashuv davomida tomonlar kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, taniqli olim bilan Bt genlarini O‘zbekistondagi g‘o‘za navlariga o‘tkazish va bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA