Xitoy – AQSH munosabatlarida yoshlar muloqotiga e’tibor
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 23-25-sentabr kunlari AQSHda davlat tashrifi bilan bo‘ladi. Tashrif arafasida Si Szinpin AQSHning o‘nta universiteti talabalariga yo‘llagan javob maktubida ikki mamlakat yoshlarining o‘zaro muloqoti va hamkorligiga to‘xtalib, ular bir sayyorada yashayotgani va davr oldidagi mas’uliyatni birgalikda zimmasiga olishini ta’kidladi.
Si Szinpin so‘nggi yillarda Xitoy va AQSH yoshlari o‘rtasidagi almashinuvlarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Uning turli yillarda amerikalik o‘quvchi va talabalarga yo‘llagan maktublarida ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Bu yondashuv Xitoy – AQSH munosabatlarining murakkab davrida ham odamlar o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolish muhimligini ko‘rsatadi. Si Szinpinning ta’kidlashicha, ikki mamlakat yoshlari do‘stlik va hamkorlikning davomchilari bo‘lishi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va yaqinlashuvga hissa qo‘shishi kerak.

Xitoy rahbari 2023-yil noyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida keyingi besh yil davomida 50 ming nafar amerikalik yoshni Xitoyga ta’lim va madaniy almashinuvlarda ishtirok etish uchun taklif qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu tashabbus doirasida amerikalik maktab o‘quvchilari, talabalar va yoshlar Xitoyning turli shaharlariga tashrif buyurib, mamlakat hayoti, madaniyati va ta’lim tizimi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Joriy yil may oyiga kelib Xitoyga tashrif buyurgan amerikalik yoshlar soni 50 mingdan oshdi. Shu tariqa mazkur tashabbusda belgilangan ko‘rsatkich muddatidan ikki yarim yil avval amalga oshirildi.
Si Szinpin ushbu tashriflar munosabati bilan amerikalik yoshlarni Xitoyni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, mamlakatni turli jihatlari bilan tanishish va xitoylik tengdoshlari bilan muloqot qilishga chaqirgan. Xitoy tomoni bu kabi almashinuvlarni ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni kuchaytiruvchi muhim vosita sifatida ko‘rmoqda.

Xitoy – AQSH o‘rtasidagi xalq diplomatiyasi an’analari ancha uzoq tarixga ega. Bundan 55 yil avval boshlangan “ping-pong diplomatiyasi” ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim voqea sifatida qayd etiladi. Bugun esa ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar almashinuvlari ana shu aloqalarning zamonaviy shakllaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Si Szinpinning amerikalik talabalarga so‘nggi javob maktubida ham aynan shu masalaga urg‘u berilgan. U ikki mamlakat yoshlarini Xitoy – AQSH do‘stligi va hamkorligining davomchilari bo‘lishga, xalqlarning o‘zaro anglashuvi va yaqinlashuviga hissa qo‘shishga chaqirgan.

Xitoy – AQSH munosabatlarida siyosiy, iqtisodiy va boshqa masalalar bilan bir qatorda xalqlar o‘rtasidagi muloqotni saqlash va rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar o‘rtasidagi ta’lim va madaniy almashinuvlarning kengayishi esa ikki mamlakat jamiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani qayd etilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA