Xitoy milliy statistika byurosi hisobotiga ko‘ra, mamlakat aholisi 2024 yil oxirida 1 milliard 408 million kishini tashkil etib, 2023 yil yakuniga nisbatan 1,39 million kamaygan.
Qayd etilishicha, XXRda o‘tgan yil 9,54 million chaqaloq tug‘ilib, 10,93 million odam vafot etgan. O‘tgan yil oxirida jinsiy nisbat 104,49 ga tenglashib, har 100 ayolga 105 erkak to‘g‘ri kelgan: erkaklar 719,09 million, ayollar 689,19 million.
16-59 yoshli mehnatga layoqatli insonlar 857,98 million – umumiy ko‘rsatkichning 60,9 foizini, 60 yoshdan kattalar 310,31 million – jami aholining 22 foizini tashkil etgan. Shaharlarda 943,50 million kishi istiqomat qilgan – 2023 yilga qaraganda 10,83 million ko‘p. Qishloq aholisi 464,78 million, bir yil avvalgiga nisbatan 12,22 million kam.
2024 yil noyabr oyida davlat rahbari Si Szinpin jiddiy demografik muammoga duch kelayotgan Xitoyda tug‘ilish darajasini qo‘llab-quvvatlash uchun sog‘lom siyosat tizimini yaratish zarurligini ta’kidladi. XXR yetakchisi “Syushi” jurnalida chop etilgan maqolada ta’kidlaganidek, demografik rivojlanish, tug‘ilish ko‘rsatkichi aholi ko‘payishi uchun zarur darajadan past, keksayish nisbati juda yuqori.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda zamonaviy Xitoy gender nomutanosibligi, aholi keksayishi kabi jiddiy demografik muammolarga duch kelmoqda. Buning sabablaridan biri o‘tgan asr 70-yillari oxirida joriy qilingan “Bir oila – bir farzand” siyosatidir. O‘sha dasturga ko‘ra shaharlardagi oilalarga faqat bir, qishloqlarda esa birinchi farzand qiz bo‘lsa, ikki farzand ko‘rishga ruxsat berilgan. Natijada 2020 yil aholini ro‘yxatga olish ma’lumotida erkaklar ayollardan 34,9 million ko‘p chiqdi. Qolaversa, 2022 yil nikoh soni ham rekord darajada pastlab, 6,8 millionga yaqin juftlik qayd etildi. Bu so‘nggi 37 yildagi eng past ko‘rsatkich.
2013 yil rasmiylar ayni muammoni bartaraf etish maqsadida tug‘ilishga qo‘yilgan cheklovni yumshata boshladi. Turmush o‘rtoqlardan kamida biri oilada yagona farzand bo‘lsa juftlikka, 2016 yildan esa barcha juftliklarga ikkinchi farzandga ruxsat berildi.
2021 yil yozida Xitoy Xalq vakillari Butunxitoy kengashi Doimiy qo‘mitasi “Aholi to‘g‘risida”gi qonun va “Oilani rejalashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgarish kiritishni ma’qulladi. Shu hujjat asosida oilalarga uchinchi farzand ko‘rish qonuniyligi belgilanib, to‘lovlar bekor qilindi.
Baribir bu chora-tadbirlar tug‘ilish ko‘payishini ta’minlamadi. Aksincha, chaqaloqlar yildan-yilga kamaymoqda. Masalan, 2016 yil 17,76 million bola tug‘ilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2017 yil 17,23 million, 2019 yil 15,23 million, 2020 yil 12 million, 2021 yil 10,62 million, 2022 yil esa 9,56 millionni tashkil etdi.
Xitoyda demografik muammolar yuzaga kelayotgani BMT ma’lumotida ham aks etib, dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida baholangan.
Avvalroq Xitoy Fuqarolik ishlari vazirligi mamlakatda 2022 yil ro‘yxatga olingan nikohlar soni rekord darajada past bo‘lgani, bor-yo‘g‘i 6,8 millionga yaqin juftlik o‘z munosabatini rasmiylashtirgani haqida xabar bergan edi.
S.Rahimov, O‘zA