Xirmonga baraka kirsin
Yozyovon Markaziy Farg‘onaning bu boradagi poytaxtimi? Cho‘llar yuksak hosil berayotgan, zamonaviy texnologiyalar ekinlarni yanada sermahsul qilayotgan bu hududning siri nimada?
Yozyovonni ramziy ma’noda Markaziy Farg‘onaning poytaxti deb atamoqdalar. Buning asosli sabablari bor. Ularning biri cho‘l-barxanlar oralig‘ida yuqori oqsilli ekin maydonlarini yarata oldilar. Buning uchun ilg‘or texnologiya – tomchilatib sug‘orish va yomg‘irlatib sug‘orish usullarini keng qo‘llashyapti.
Masalan, “Rahimjon” fermer xo‘jaligini olaylik. 75 gektar, shundan 34 gektarida don yetishtirmoqda. Nav tanladi, yomg‘irlatib sug‘ordi, bargdan oziqlantirdi. Natijada 2025-yilda har gektar maydondan o‘rtacha 90 sentnerdan hosil oldi.

– Bu yil Asr navini ekdik. Har gektardan 95 sentner hosil yig‘ib olyapmiz, – deydi “Raximjon” fermer xo‘jaligi rahbari Rahmatjon Mahmudov. – 500 kilogrammdan fosforli va azotli hamda 300 kilogrammdan kaliyli o‘g‘itlar soldik. Bundan tashqari biostimulyatordan ham foydalandik. Hosildorlik yaxshi, o‘rtacha 100 sentnerga yetkazamiz.
G‘alla maydoni dengiz kabi to‘lqinlanadi. Boshoqlardan qayroqi don bosh chiqarib mo‘ralab turibdi. Aslida bunaqa maydon Yozyovonda 6,5 ming gektarni tashkil etadi. Ko‘z tegmasin, hammasi birdek.

– 6,5 ming gektardan 65 ming tonna don ishlab chiqarishni rejalashtirdik, – deydi Yozyovon tumani hokimi o‘rinbosari Davlat Mirzakarimov. – Shundan 22 ming tonna davlat xaridlari va qolganini birja savdolari orqali sotish, sotib olish rejalashtirilgan. Don pishib yetilgan har bir maydonda o‘rish va yig‘ib olish uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Hozir Yozyovon bug‘doyzorlarida 20 ta otryad faoliyat ko‘rsatyapti. Ularga 20 ta zamonaviy o‘rim kombaynlari biriktirilgan. Bu yil yana bir yangilik qildilar. Tumanda “yagona tashuvchi” tizimi joriy qilindi. Bir kunda o‘rib, tashib, yer haydalyapti. Kelgusi kuni bu joyga takroriy ekin ekilganini ko‘rasiz.

– Viloyatda g‘alla o‘rimidan bo‘shaydigan 6,5 ming gektar maydonda takroriy ekinlar yetishtirish rejalashtirilgan. Eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish maqsadida 2,8 ming gektarga mosh, 340 gektarga kartoshka, qolgan maydonlarga ozuqa ekinlari ekiladi. Hozirda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekish ishlari izchil davom etmoqda, – dedi Davlat Mirzakarimov.
Bunday kunlarda barchaning tilida bir gap: yurt xirmoniga baraka kirsin!
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ce0KEhurgck?si=hcgxPhfff_lubPPl" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA