Xirmonga baraka bersa, hayot davom etadi...
Xalqimizda yaxshi bir azaliy an’ana bor — keksalarimiz qo‘lini duoga ochganda, albatta, «Dehqonchiliklarimizga, xirmonlarimizga baraka bersin, uyimiz bug‘doyga, nonga to‘lsin», deya niyat qilishadi. Bu bejiz emas.
Turli suronli yillarda ocharchilikni, bir burda nonga zorlikni ko‘rgan yoxud eshitgan yoshi katta avlod vakillari xirmon to‘la bug‘doy bo‘lsa, to‘qlik bo‘lishini, hayot davom etishini yaxshi anglaydi...
Shuning uchun ham yurtimizda g‘allachilikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, so‘ngi yillarda mamlakatimizda quvvati qariyb 3 million tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilinib, kelgusidagi ishlar belgilab olindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboyev quyidagilarni ta’kidlaydi:
— Keyingi vaqtlarda jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy narxi 400 dollarga ko‘tarildi, yil boshiga nisbatan narxlar 30 foizga oshdi. Narx-navo barqarorligiga erishish uchun birinchi navbatda g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarurati tug‘ilmoqda. Shu munosabat bilan yig‘ilishda fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
«O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emasligi, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilmayotganligi, shuningdek, davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmaganligi tanqid qilindi. Davlat don korxonalaridagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. O‘zbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutayotgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganligini Prezidentimiz ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yilning 1 iyunidan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi ma’lum qilindi. Endi fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani birja savdolariga olib chiqishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratiladi. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshiriladi. Bu kabi imkoniyatlar fermerlarning daromadi oshishiga, daromadi ko‘paygan fermerlar esa hosildorlikni oshirishga harakat qiladi. Natijada bozorlarimiz to‘kinligi va dasturxonlarimiz mo‘l-ko‘lligi ta’minlanadi.
Yana bir muhim masala. Endilikda qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug‘doy ehtiyojga qarab birjaga chiqariladi. Bunda fermerlarga iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi. Buning uchun joriy yilda davlatdan 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.
Bundan tashqari, fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab, ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi. Bunda 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi. Joriy yilda jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratilmoqda. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlashi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoning o‘sishi va
taqchillikning oldini olish bo‘yicha «kunbay» nazorat tizimi joriy qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, fermerlarning daromadi ko‘payishiga xizmat qiladi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, g‘allachilikda amalga oshirilayotgan islohotlar, fermer va klasterlarga yaratilayotgan qulayliklar xalqimizni yetarli don mahsulotlari bilan ta’minlashda, narx-navoning o‘sishi va taqchillikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA