Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi "Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi yuzasidan izchil tadqiqot ishlari boshlab yuborildi.
Ushbu hujjat ko‘p millatli xalqimizning fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni to‘la yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning ko‘lami va samarasini oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
E’tiborga molik jihati, ezgu maqsadlar yo‘lida boshlangan bu savobli ishlar biz o‘ylaganimizdan ham ancha murakkab, o‘ta mas’uliyatli, zahmatli izlanish va katta mehnatni talab etuvchi jarayon ekani tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Hozirda mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu farmoyishda belgilangan vazifalar bo‘yicha ishlar jadal tarzda olib borilmoqda.

Tarixchilarning fikricha, ushbu farmoyish g‘oyat katta ilmiy izlanishlarga turtki berishi shubhasiz. Negaki, shu paytgacha bunday katta davrni o‘zi ichiga qamrab oladigan yaxlit ishlar amalga oshirilmagan.
– Mustamlaka va mustabid tuzum davrida yurt taraqqiyoti, Vatan ozodligi uchun jon fido etgan vatandoshlarimizni nomma-nom aniqlash borasidagi ishlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tarixchi olimlar, tadqiqotchilar ishtirokida Konsepsiya ishlab chiqildi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Murod Zikrullayev. – Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar qatag‘on qurbonlarining xotirasiga bag‘ishlab kitob yaratish imkonini beradi. Konsepsiyada qatag‘on qurbonlarini aniqlashda qaysi davr qamrab olinishi kerakligiga ham aniqliklar kiritilgan. Xususan, 19-asrning ikkinchi yarmi va 20-asrning 90-yillarigacha bo‘lgan davrni o‘rganish uchun qamrab olinadi.

– Farmoyishda respublika davlat arxivlarida qatag‘on qurbonlari bo‘lgan insonlarning xotirasini tiklash borasida ko‘plab vazifalar belgilangan, – dedi O‘zbekiston Milliy arxivi direktori o‘rinbosari Alijon Mahkamov. – Hozirda tumanlar, viloyatlardagi, respublika miqyosidagi ishchi guruhi a’zolari davlat arxivlariga kelib, bir yuz o‘ttiz yillik, ya’ni chor Rossiyasi, sho‘rolar mustamlaka davri, o‘tgan asrning 80-yillaridagi "paxta ishi" bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rganish yuzasidan ish olib bormoqda.
Darhaqiqat, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan barcha ishlar katta mushohada, puxta tahlil, chuqur mantiq, zargarona bilimdonlik, vazminlik va, eng asosiysi, vijdonan va halol yondashuvni talab etishini mutaxassislar, olim va tarixchilar, arxiv sohasi vakillari teran anglamoqda. Zero, Vatan fidoyilari, ma’rifatparvar bobolarimizning pok nomlarini elga qaytarish chin insoniylik va fuqarolik burchimizdir.
Nazokat USMONOVA, O‘zA