Xayr-saxovat, ezgulik ayyomi
Surxondaryo viloyatida Qurbon hayitining ilk kuni katta shodu xurramlik va shukronalik ruxida boshlandi. Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidi erta tongdan namozxonlar bilan gavjum bo‘ldi.
Qurbon hayiti namozini o‘qish uchun kelgan musulmonlar tinch-osuda va farovon hayotga shukrona aytib, elimizga tinchlik-xotirjamlik, omonlik, qut-baraka, yurtimizda amalga oshirlayotgan islohotlarga bardavomlik tilab duoga qo‘l ochdi.



Xayr-saxovat, ezgulik, mehr-oqibat ayyomida viloyatning shahar va tumanlarida ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalar, uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, bayram sovg‘alari topshirilmoqda. Subhidamdan vohadagi 130 ta jome masjidida 200 mingga yaqin mo‘min-musulmon hayit namozini ado etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri