Xayr maktab, salom, nurli kelajak!
25 may kuni mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2021/2022 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
"So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlariga maktab o‘quvchilari, ularning ustozlari va ota-onalari taklif etildi.
Ana shunday tantanali tadbir poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 294-maktabda ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdanoq, maktabning fayzli hovlisida bu yil mazkur bilim maskanini tamomlayotgan o‘quvchilar saflandilar.
... O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Maktablarni bitiruvchi o‘g‘il-qizlarimizga tabrigini Mirobod tumani hokimining o‘rinbosari Saidrasul Saidxonov o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, joriy o‘quv yilining yakuni har qachongidan ham fayzli, bayramona ruhda o‘tmoqda. Rosti, ikki yildan ortiqroq davom etgan pandemiya o‘quv yili yakunini fayzli davralarda nishonlash imkonini bermagan edi. Davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga tabrigi nainki o‘quvchi-yoshlarimiz, balki ota-onalar, mehribon ustozlar ruhiyatiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
294- maktab direktori Muqaddas Egamberdiyeva tantanali tadbirda mamlakatimizda yoshlar kelajagi yo‘lida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish oxirgi 5-6 yillarda mutlaqo yangicha bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Bundan ko‘p yillar avval jajjigina bolakay qiyofasida maktab ostonasiga qadam qo‘ygan o‘g‘il-qizlar endilikda o‘z mustaqil orzu-istaklari sari dadil qadam qo‘ya boshlagan yigit-qizlarga aylandi.
- O‘qishda, odobda barchaga ibrat bo‘lishga arzigulik siz - yoshlar mahallamizning faxru g‘ururidir, - dedi "Istiqlol" maxalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurashid Allayev. - Shunday qutlug‘ kunlarda barcha yoshlarimiz o‘zlari ko‘zlagan maqsadlarga erishishi yo‘lida oq yo‘l tilaymiz.
Tadbirda fan olimpiadasi, sport musobaqalari, kitobxonlik, badiiy ijod tanlovlarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, namunali xulqi, barcha fanlarni a’loga o‘zlashtirgan o‘g‘il-qizlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
- Keyingi yillarda maktab ta’limiga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘qitish sifatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda, - dedi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Charos Yusupova.- Buning natijasida o‘qituvchilar o‘z ustida tinimsiz izlanmoqda. O‘qitish sifati yanada ortdi. O‘quvchilarimiz ko‘plab fan olimpiadalari, sport musobaqalari, badiiy ijod tanlovlarida muvaffaqiyat qozonmoqda.
Tantanali tadbirda shuningdek, iqtidorli bir guruh o‘quvchilarning ota-onalariga ham tashakkurnomalar topshirildi.
- Bugun har bir tengdoshimning qalbida cheksiz hayajon, - dedi 11-sinf bitiruvchisi Bahodir Ostonov. - Yurtboshimizning biz - maktab bitiruvchilariga tabrigi bizni yanada ruhlantirdi, ishonchimizni tobora orttirdi.
Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, bu yil respublikamizda 390 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar umumta’lim maktablarini bitirmoqda. O‘z bilim va iste’dodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand bo‘lishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chog‘lanib turgan tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.
Tadbirda bitiruvchilar bilimlar bilan birga odamiylik sabog‘idan dars bergan ustozlariga minnatdorlik bildirdilar. Prezidentimiz, xalqimiz, o‘qituvchilari ishonchini oqlashga va’da berdilar.

Tadbirda jonajon O‘zbekistonimizni, yoshlarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar yangradi. Tadbir yakunida o‘quvchilar "Xayr , maktabim" qo‘shig‘ini jo‘rlikda ijro etdilar. Ha, yoshlar maktab bilan xayrlashgan bo‘lsalar-da, katta va zalvorli sinovlarning, hayot imtihonlarining bari hali oldinda...
Osmonga turfa rangdagi yuzlab sharlar uchmoqda. Ha, bunday tadbir kattayu yoshni birdek hayajonga solgani aniq! So‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari yangraydi. U o‘quvchilarga quvonch, hayajon, shodlik ko‘z yoshlarini bag‘ishladi!
"So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari mamlakatimizning barcha maktablarida bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA