Xavining taxmini bugun ham toʻgʻri chiqadimi?
5 yanvarda Birlashgan Arab Amirliklarida start olgan Osiyo kubogi bugun oʻz nihoyasiga yetadi.
5 yanvarda Birlashgan Arab Amirliklarida start olgan Osiyo kubogi bugun oʻz nihoyasiga yetadi.
Abu Dabidagi “Zayd Sport Siti” stadionida oʻtadigan final oʻyinida toʻrt karra Osiyo chempionlari Yaponiya termasi musobaqa kashfiyotiga aylangan Qatar bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuv Oʻzbekiston vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi. Oʻyinning biz uchun ahamiyatli jihati, finalni yurtdoshimiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqarib boradi. Unga qanotlarda odatdagidek Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar yordam berishadi.
Taʼkidlash joizki, har ikki jamoa finalgacha boʻlgan yoʻlni munosib tarzda bosib oʻtishdi. Kunchiqar yurt futbolchilari pley-off bosqichida dastlab Saudiya Arabistoni terma jamoasini, chorak finalda esa Vyetnamni ham kichik – 1:0 hisobida magʻlubiyatga uchratishdi. Oʻshanda koʻpchilik yaponlarni yarim finalga munosib emasdi, degan fikrlarni aytishdan ham xijolat qilmadi. Final ostonasida Xajime Moriyasu shogirdlari kim aslida kimligini koʻrsatib qoʻydi – musobaqa gʻolibligiga asosiy daʼvogar Eron terma jamoasi 3-0 hisobida magʻlub etildi. Eʼtibor qarating, Osiyo kubogi finalchisi darvozasiga pley-off bosqichida hech bir jamoa yoʻl topolmadi, guruh bahslarida esa Yaponiya darvozasini ishgʻol etishga faqat hamyurtimiz Eldor Shomurodov hamda Turkmaniston terma jamoasining ikki vakili sazovor boʻldi xolos.
Qatarning finalga chiqishini hech kim kutmagan boʻlsa kerak, faqat ispaniyalik mashhur futbolchi Xavidan boshqa. “Barselona”ning sobiq futbolchisi hali musobaqalar boshlanmay turib JCH-2022 mezbonlari finalda toʻp tepishini taxmin qilgandi. Koʻrib turganingizdek Xavining bashorati hozircha oʻzini oqlamoqda. Eʼtiborlisi, Qatar ortda qolgan 6 oʻyinda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Na Saudiya Arabistoni, na Iroq, na Janubiy Koreya singari Osiyo futboli grandlari Qatar darvozasiga yoʻl topa olishmadi. Yarim finalda esa musobaqa mezbonlari chin maʼnoda tor-mor etildi.
Agar bugungi bahsda Yaponiya gʻalaba qozonsa, bu jamoa bosh murabbiyi Moriyasu uchun oʻziga xos voqea boʻladi. Sababi Xajime ham futbolchi, ham murabbiy sifatida Osiyo kubogida gʻalaba qozongan birinchi insonga aylanadi. Qolaversa, u yaponlarni Osiyo chempionligi sari yetaklab kelgan ilk mahalliy mutaxassis sifatida tarixga kirishi mumkin.
Maʼlumki, Yaponiya oʻz tarixida toʻrt marta Osiyo kubogini boshi uzra baland koʻtargan. 1992 yil oʻtkazilgan qitʼa birinchiligida kunchiqar yurt futbolchilariga gollandiyalik Xans Ooft murabbiylik qilgan, Xajime Moriyasu esa futbolchi sifatida jamoa sharafini himoya qilgan. Shundan soʻng Yaponiya termasi 2000, 2004 va 2011 yillarda oʻtkazilgan musobaqalarda ham gʻoliblikni tantana qilgan. Bugun yaponlar beshinchi bor qitʼa chempioni boʻladimi yoki Xavining bashorati oʻzini oqlab, Qatar shohsupaga koʻtariladi? Buni tez orada bilib olamiz.