Xavfsizlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar sohasini rivojlantirish: xavfsizlik, inson huquqlarini ta’minlash va raqamli texnologiyalarni joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, anjuman mavzusining dolzarbligi, favqulodda vaziyatlar sohasini ilmiy asosda rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalarining ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan xavfsizlikni ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilish, favqulodda vaziyatlar sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda sohada ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Mavzu doirasida taklif va tavsiyalar ilgari surilib, ishtirokchilar bilan fikr almashildi. Anjuman doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining Ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi ilmiy xodimi, katta leytenant Sherali Mustaqimov tomonidan zamonaviy ilmiy-innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan uchuvchisiz uchish apparati, shuningdek, uning ilmiy ishlanmalari va ixtirolari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Taqdimot davomida zamonaviy texnologiyalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, monitoring qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish jarayonlaridagi imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Anjuman yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, mavzu yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA