Xavfsizlik mahalladan boshlanadi
Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda. Bu — zamon talabi, xalqimiz ehtiyoji va taraqqiyot garovidir.
Joriy yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida xavfsiz muhit yaratish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berildi. Davlat rahbari xavfsizlikni faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’uliyati sifatida emas, balki mahalla, jamoatchilik va barcha mutasaddi tashkilotlar hamjihatligida amalga oshiriladigan umummilliy vazifa sifatida baholadi.
Belgilangan vazifalar ijrosi joylarda aniq rejalar va manzilli chora-tadbirlar bilan ta’minlanmoqda. Xususan, Jizzax viloyati, ayniqsa Sharof Rashidov tumanida bu borada tizimli yondashuv qaror topmoqda. Tuman hokimligi va prokuratura tashabbusi bilan ijtimoiy-iqtisodiy hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan, 2026-yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat oddiy reja emas. U mahalla kesimida muammolarni aniqlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy dasturdir. Eng muhimi, “Yo‘l xaritasi” doirasidagi ishlar ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida tuman hokimligi hamda prokuratura tomonidan hamkorlikda nazorat qilinmoqda.
Zero, xavfsizlik — bu faqat jinoyatchilikka qarshi kurash emas. U ijtimoiy barqarorlik, aholi bandligi, hudud obodligi va ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq tushunchadir.
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ham ana shu ustuvor maqsadlarning mantiqiy davomidir. Chunki jamiyat taraqqiyoti avvalo mahalladan, insonning kundalik hayotidan boshlanadi.
Sharof Rashidov tumanida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bu g‘oyaning amaldagi ifodasidir. Jumladan, 48,5 kilometr ichki yo‘llarni hashar yo‘li bilan shag‘allashtirish ishlari boshlandi. Bu nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki aholining o‘z hududiga daxldorlik hissini kuchaytirish, jamoaviy mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tumandagi 48 ta mahallada chiqindilarni to‘liq yig‘ish va olib chiqish tizimini samarali tashkil etish maqsadida “Toza hudud” davlat muassasasining maxsus texnikalari tasdiqlangan grafik asosida taqsimlandi. Bu choralar sanitariya holatini yaxshilash, aholi salomatligini muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
[gallery-27620]
Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini joylarda aniq natijalar bilan ta’minlash — bugungi kunning ustuvor talabidir. Har bir mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar ana shu yuksak talablarga munosib javob bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Xulosa shuki, xavfsizlik — bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz jarayondir. U mahalladan boshlanib, butun jamiyatni qamrab oladi. 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar esa yurtimizda tinchlik va farovonlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahallasi mustahkam yurt — kelajagi ishonchli yurtdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari