Xavfsizlik doimiy e’tibor markazida
Sirdaryo viloyatida joriy yilning besh oyi davomida tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar qayd etilmadi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda fuqaro muhofazasi sohasida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, davlat tasarrufidagi 1429 ta ob’ektning 979 tasi va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli 11 mingdan ortiq ob’ektlarda tekshiruv va o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirovning ma’lum qilishicha, davlatimiz rahbarining 2025-yil 20-oktabrdagi qarori ijrosi doirasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va uy-joy fondlarida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tekshiruvlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ob’ekt rahbarlariga majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Qonun talablarini buzgan 2383 nafar mansabdor va mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Shuningdek, yong‘in chiqish xavfi yuqori bo‘lgan 522 ta bino va inshoot faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, 1855 ta elektr uskunasi va agregatdan foydalanish taqiqlangan.
Matbuot anjumanida aholi turar-joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Davlat inspektorlari tomonidan o‘n minglab yakka tartibdagi va ko‘p qavatli uy-joylar hamda xonadonlarda profilaktik o‘rganishlar o‘tkazilib, aholiga yong‘in xavfsizligi va favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Profilaktika tadbirlari aholi o‘rtasidagi targ‘ibot ishlari bilan ham uyg‘unlikda tashkil etilmoqda. Besh oy davomida mahallalar, korxona va tashkilotlarda o‘tkazilgan yuzlab uchrashuvlarda o‘n minglab fuqarolar qamrab olindi. Shu bilan birga, televideniye, radio, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Anjumanda shaharsozlik va qurilish sohalaridagi nazorat tadbirlari haqida ham ma’lumot berildi. Viloyatda ro‘yxatga olingan qurilish ob’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazilib, qonun talablarini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan. Ayrim ob’ektlar faoliyati to‘xtatilgan va xavfli deb topilgan elektr uskunalaridan foydalanish cheklangan.
[gallery-29844]
Bugungi kunda boshqarma tomonidan yozgi mavsum bilan bog‘liq xavflarning oldini olishga qaratilgan ishlar yanada kuchaytirilmoqda. Xususan, suv havzalarida xavfsizlikni ta’minlash, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish, g‘alla yig‘im-terimi davrida yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda bolalarning yozgi dam olish oromgohlarida xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga boshqarma rahbariyati tomonidan atroflicha javob berildi. Ta’kidlanganidek, favqulodda holatlarning oldini olish, aholining xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirish sohaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA