Munosabat

Keyingi yillarda O‘zbekistonda yo‘l-transport infratuzilmasi va harakat xavfsizligini yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, oxirgi yetti yilda yo‘l qurilishi va ta’mirlashga 61 trillion so‘m mablag‘ sarflangan. Bu – 2017 yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.
YHXX tizimidagi yangiliklar – planshetlar, bodikameralar, sun’iy intellekt yordamida qoidabuzarliklarni saralash kabi texnologik yangilanishlar xavfsizlikni oshirishga hamda tizimda inson omili va byurokratiyani kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, birinchi marta huquqbuzarlarni avvalo ogohlantirish, oddiy haydovchilar dardini eshitishga e’tibor qaratila boshlandi. Buning o‘zi yo‘l harakatiga insonparvar yondashuv shakllanayotganidan dalolatdir.
Joriy yil 9 iyul kuni Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi va unda belgilab berilgan vazifalar sohani butunlay yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Xususan, yig‘ilishda avariyalarni kamaytirish, yo‘l tizimini raqamlashtirish, jamoat transportini rivojlantirish va harakat madaniyatini oshirishga qaratilgan “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi e’lon qilindi. Endilikda, “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi orqali nafaqat yo‘llardagi xavfsizlik, balki jamoatchilik ishtiroki ham ta’minlanadi, hisobdorlikni kuchaytirish va mablag‘lardan oqilona foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tashkil etiladigan “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi mablag‘lari esa avvalo xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi. Qolaversa, jamg‘arma faoliyati shaffof bo‘lib, jamoatchilik vakillari hamda YHXX rahbarlari ishtirok etadi. Portal orqali aholi ishtirokida yo‘ldagi muammolar aniqlanadi, so‘ng smeta asosida moliyalashtiriladi va natijalar baholab boriladi.
Shuningdek, endi yo‘l tizimida jamoat transporti ham alohida e’tiborga olindi. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatini qamrab oladigan yagona transport aglomeratsiyasi tashkil etiladi. Joriy yil 1 sentyabrgacha 200 ta avtobus, keyingi yil 1 000 ta avtobus keltirilishi va 6 ta yangi marshrut ochilishi rejalashtirilgan.
Shaharlararo avtobuslarda kutish vaqti uzoqligiga chek qo‘yish uchun tadbirkorlarga yo‘lovchi soniga qarab subsidiya berish tizimi joriy etiladi. Bu mamlakat bo‘ylab transport harakatini bir maromda yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi.
Albatta, yo‘llardagi harakat xavfsizligi infratuzilmaning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, yo‘llar sifati kabi omillarga ham bog‘liq. Biroq qarz ikki qo‘ldan chiqadi deganlaridek, yo‘l harakati ishtirokchilari bo‘lgan haydovchilar madaniyati ham muhim. Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda qayd etilgan qoidabuzarliklarning 81 foizi qo‘pol huquqbuzarliklardir. Shu bois, Prezident tashabbusi bilan “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladigan bo‘ldi. Ushbu dastur orqali jarimalar, guvohnomadan mahrum qilish kabi choralar kuchaytiriladi. Xususan, qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Shu bilan birga, agar jarima qarori 1 oy ichida chiqarilmasa, haydovchi javobgarlikdan ozod qilinadi. Bu tamoyil ham adolat, ham qonun ustuvorligi nuqtai nazaridan muhim mezon sanaladi.
Sir emas, barcha sohalardagi islohotlar ta’limdan boshlanadi.Shu bois, endi maktab va bog‘chalarda harakat xavfsizligi darslari yangilanadi, “Yashil chiroq” musobaqalari tiklanadi, g‘oliblarga Prezident sovg‘asi beriladi. Yo‘l qoidalariga bag‘ishlangan videolar va tushuntirish tadbirlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish va e’lon qilingan “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi ezgu maqsad – inson hayotini himoya qilish, harakatdagi adolat va tartibni tiklashga qaratilgan. Endi bu yo‘lda nafaqat davlat organlari, balki aholining ham ishtiroki, tashabbusi va mas’uliyati o‘ta muhim. Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, jamoat transportini rivojlantirish, qonunni buzmaslik va harakat madaniyatini oshirish – har birimizdan boshlanadigan umumiy vazifadir.
Anvarxon AMINOV, xalq deputatlari
Olmazor tumani Kengashi deputati.
O‘zA