Xavfsiz xonadon — xotirjam hayot kafolati
Yangiyer shahrida ko‘p qavatli turar joylarda aholi xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari «Xavfsiz xonadon» konsepsiyasi asosida binolarning yong‘in xavfsizligi holatini o‘rganib, zarur choralarni amalga oshirdi.
Tadbir doirasida favqulodda vaziyatlarda aholini tezkor ogohlantirish va xavfsiz evakuatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga gazanalizatorlar, yong‘in o‘chirish vositalari, yong‘indan xabar beruvchi signalizatsiya qurilmalari hamda evakuatsiya yo‘laklarining chizmalari o‘rnatildi.
Shuningdek, binolarning umumiy hududlarini 24 soat davomida kuzatish imkonini beruvchi 360 darajali videokameralar o‘rnatilib, xavfsizlikni doimiy nazorat qilish sharoiti yaratildi. Aholi uchun yong‘in xavfsizligi talablari va favqulodda vaziyatlar vaqtida amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar aks ettirilgan yo‘riqnomalar ko‘rinarli joylarga joylashtirildi.
[gallery-31773]
Tadbir davomida aholi bilan muloqotlar o‘tkazilib, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralari hamda xavf yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi tushuntirildi. Xususan, evakuatsiya yo‘laklarini to‘sib qo‘ymaslik, gaz va elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, yong‘in sodir bo‘lganda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Aholining amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida yong‘in o‘chirgichlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Mutaxassislar yong‘inning dastlabki bosqichida yong‘in o‘chirgichdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsiz masofani saqlash va o‘zini himoya qilish choralarini amalda ko‘rsatib berdi.
— «Xavfsiz xonadon» konsepsiyasi doirasidagi bunday tadbirlar aholining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘p qavatli turar joylarda xavfsizlik talablariga rioya qilish, evakuatsiya yo‘laklarini ochiq saqlash, yong‘in o‘chirish vositalarining mavjudligi va ulardan to‘g‘ri foydalanish muhim.
Aholi bilan muntazam tushuntirish ishlarini tashkil etish orqali favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish mumkin, — deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Davron Sulaymonov.
Mazkur tadbir aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish madaniyatini shakllantirish hamda inson hayoti va mol-mulkini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, xavfsiz muhitni ta’minlash mas’ul tashkilotlar bilan bir qatorda, har bir xonadon aholisining e’tibori va mas’uliyatiga ham bog‘liq. Bu jihat «Xavfsiz xonadon» konsepsiyasi doirasida o‘tkazilgan profilaktik va targ‘ibot tadbirlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA