«Xavfsiz shahar» — yo‘llarda xavfsizlikning raqamli kafolati
Yo‘l harakati xavfsizligi faqatgina yo‘l-patrul xizmati yoki haydovchining mas’uliyati emas. Bugungi kunda shahar infratuzilmasi, zamonaviy texnologiyalar, avtomatlashtirilgan nazorat va raqamli ma’lumotlar ham yo‘llarda inson hayotini saqlashning muhim vositasiga aylanmoqda. “Xavfsiz shahar” loyihasi ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyati ko‘chalarida harakatlanayotgan avtomashinalar sonining ortib borayotgani mazkur masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Farg‘ona viloyati bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega. Viloyatda jismoniy shaxslarga tegishli 573 472 ta avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Farg‘ona Toshkent shahri va Samarqand viloyatidan keyingi o‘rinda turadi.
Ushbu raqamning o‘ziyoq viloyat shahar va tumanlarida yo‘l harakatini samarali boshqarish, tirbandliklarni kamaytirish, qoidabuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda avariyalarning oldini olish uchun zamonaviy texnologiyalarga ehtiyoj naqadar katta ekanini ko‘rsatadi.
Buning uchun "Xavfsiz shahar" loyihasini amalga oshirish dolzarb bo‘lib turibdi.

"Xavfsiz shahar" – shahardagi xavfsizlik jarayonlarini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga qaratilgan integratsiyalashgan tizimdir.
Uning yo‘l harakati xavfsizligidagi eng muhim jihati avtomatik foto va video qayd etish imkoniyatidir. Ya’ni, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tish, belgilangan tezlikni oshirish, yo‘l harakati qoidalarining boshqa buzilishlarini inson omilini minimallashtirgan holda aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.


Kamera sutka davomida ishlab, harakat oqimini uzluksiz kuzatadi.
Farg‘ona viloyati aholi zich joylashgan, shahar va tumanlari bir-biriga yaqin hududlardan biridir. Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon kabi yirik shaharlarda kun davomida avtomobillar oqimi katta.
Shu nuqtayi nazardan, 573 mingdan ziyod avtotransport vositasi juda katta harakat oqimini anglatadi. Shu bois "Xavfsiz shahar" texnologiyalarini Farg‘ona viloyati sharoitida nafaqat qoidabuzarlikni qayd etuvchi vosita, balki yo‘l harakatini boshqarishning yagona raqamli mexanizmi sifatida rivojlantirish muhim.
Ushbu vazifani amalga oshirishga Farg‘ona viloyat hokimligi xorijiy investorlarni jalb etmoqda. Aynan shu loyiha Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Isroildan tashrif buyurgan investor Lev Xorovich boshchiligidagi delegatsiya bilan muhokama qilindi.
Muloqotda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini mustahkamlashda zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari haqida so‘z bordi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA