“Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqilmoqda (+video)
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilishicha, uy-joy kommunal sohasini rivojlantirish, tizimlarni modernizatsiya qilish va raqamlashtirishda ham ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Xususan, ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimi ham to‘liq raqamlashtirilib, umumiy yig‘ilishlar, hisobotlar, murojaatlar va dispetcherlik xizmatlari raqamli ko‘rinishga o‘tkazildi.
–Bundan tashqari ko‘p kvartirali uylarning liftlarini boshqarish va monitoring qilish bo‘yicha “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi ishlab chiqilmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Husniddin Shodiyev. – Shuningdek, ko‘p qavatli uylardagi 8 ming 942 ta lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ular bo‘yicha pasport va muvofiqlik sertifikati joriy etiladi. Shu asosda kelgusi 5 yilda 2 ming 1 ta lift yangilanadi va 382 tasi ta’mirlanadi. Ko‘p qavatli uylarning texnik pasportlari ham ishlab chiqiladi. Buning uchun dastlab 1991 yilgacha qurilgan uylar xatlovdan o‘tkazilib, texnik pasportlari yaratiladi. Shu asosda barcha uylar holatini aniq ko‘rish mumkin bo‘lgan elektron baza ishga tushiriladi. Ushbu pasportlar asosida ta’mirlanadigan yoki renovatsiyaga tushadigan uylar ro‘yxati shakllantiriladi. Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqarish organlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ham to‘liq onlayn formatga o‘tkazildi.
Ushbu tizim orqali Boshqarish organlari faoliyatining ro‘yxati, uylarni biriktirish, boshqarish organlari to‘g‘risida ochiq ma’lumotlarni yuritish, e’lon qilib borish, xodimlar, moddiy-texnik bazasi, qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, rahbar va xodimlarning malaka darajalari to‘g‘risida ma’lumotlar yuritiladi va faoliyati metodik ta’minlanib, huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
“Turar joy” milliy axborot tizimi yaratilib, tizimga uylarning texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Aholining murojaatlari to‘liq “Mening uyim” tizimi orqali boshqaruv-servis kompaniyalariga yuboriladi va vazirlik tomonidan ularning ijrosi kuzatib boriladi. Ushbu kompaniyalar faoliyati yuzasidan aholining murojaat va mulohazalari mazkur tizim orqali qabul qilinadi hamda shu asosda ularning reytingi shakllantiriladi.
–Vazirlik tomonidan may oyiga qadar “Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinadi, – deydi Husniddin Shodiyev. – Bu ayni vaqtda jarayonda. Bunda barcha lift uskunalari foydalanishga qabul qilingandan so‘ng platformaga kiritiladi. Platformada liftning egasi kim, u umumiy mol-mulk bo‘lganda qaysi BSKga qaraydi, servis xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaysi tashkilot bilan shartnoma tuzilgan, ekspluatatsiya jarayonida bir martalik texnik shahodatlashtirishdan qachon o‘tgan, tugashiga qancha vaqt qoldi – hamma jarayonni onlayn ko‘rib borish imkoniyati yaratiladi.
Fuqarolar ham platformaga kirib, murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Shuni ham aytish joiz, liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xodimlari har safar liftga xizmat ko‘rsatganidan keyin bu haqdagi ma’lumotni rasmi bilan platformaga joylashtiradi. Bu ma’lumot BSKga yuboriladi. BSK haqiqatan ham servis xodimi kelib, texnik xizmat ko‘rsatganini tasdiqlaydi. Ushbu jarayon tarix sifatida platformada saqlanib qoladi. Natijada, xuddi elektron tibbiy daftarchadek, o‘sha liftning ma’lumotlari to‘liq bo‘ladi.
Yurtimizda 11 mingdan ortiq liftlarning 6 mingtasini majburiy dispetcherlik markazlariga ulash ishlari olib borilyapti. Boshqaruv servis kompaniyalarining o‘zida dispetcherlik markazlari mavjud bo‘lib, ularga hamma liftlar ulanyapti. Yangi liftlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, keyin foydalanishga qabul qilinmoqda. Eski liftlar esa bosqichma-bosqich ulab kelinmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nGPCvmwHgZM?si=JcTz2lJt_O-sr7Ln" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ma’lumot o‘rnida, 2022-2024 yillar mobaynida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamda ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar natijasida sohada shaffoflik, sodiqlik va samaradorlik yuzaga keldi, aholi va biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA